Tumanda Termiz o‘zgacha manzara kasb etdi
FOTOREPORTAJ
Bugun erta tongdan Termiz shahrini qalin tuman qopladi. Ko‘z ilg‘amas darajada zich bo‘lgan ushbu tuman shaharning kundalik hayotiga ma’lum noqulayliklar olib keldi. Haydovchilar va piyodalar uchun ko‘rish masofasi qisqarib, ehtiyot choralarini kuchaytirishga to‘g‘ri keldi.
Surxondaryo viloyatida qish faslining boshlanishi bilan tuman kuzatilishi odatiy hol sanaladi. Mintaqaning geografik joylashuvi, Amudaryoga yaqinlik tufayli namlikning yuqoriligi hamda kecha-kunduz haroratining keskin farqlanishi tuman hosil bo‘lishiga zamin yaratadi. Ayniqsa, tungi sovuq va havodagi namlikning kondensatsiyalanishi bunday manzaralarning tez-tez yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.
[gallery-26884]
Bugungi tuman transport harakatiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Shahar bo‘ylab harakatlanayotgan ko‘plab avtomobillar faralarni yoqib, tezlikni pasaytirgan holda yo‘lga chiqdi. Xavfsizlik choralariga qat’iy amal qilish har qachongidan-da muhim bo‘ldi.
Shu bilan birga, Termiz shahri tumanda o‘ziga xos jozibaga ega bo‘ldi. Binolar, ko‘chalar va yo‘llar tuman pardasi ortida go‘yo sirli manzarani eslatdi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA