Transmilliy muammolar sheriklik va hamkorlik orqali hal qilinadi, qarama-qarshilik va keskinlik bilan emas
Shu yilning 20-21-aprel kunlari Samarqandda o‘tkazilgan “Jamoat salomatligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusidagi global forumda ko‘plab xalqaro tashkilotlar hamda 50 dan ortiq davlat huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari, xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirok etdi.
Jumladan, Afg‘oniston ichki ishlar vazirining narkotiklarga qarshi kurashish bo‘yicha o‘rinbosari Munir Abdul Rahmon ushbu mamlakatda keyingi yillarda giyohvandlikning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida jurnalistlarga intervyu berdi.
– Afg‘oniston Islom Amirligi giyohvandlikning zararli oqibatlarini chuqur tushungan holda, o‘zining diniy, milliy va insoniy majburiyatlari doirasida giyohvandlikka qarshi qat’iy kurashmoqda, – dedi Munir Abdul Rahmon. – Biz mamlakatimizda giyohvand moddalarni yetishtirish, ishlab chiqarish, qayta ishlash va savdosi hamda ular bilan bog‘liq jihatlarni farmon asosida taqiqlangan deb e’lon qildik va tegishli muassasalar ushbu hujjat ijrosini ta’minlashga majburligi belgilandi. Farmon asosida birgina 2025-yilda giyohvandlik jinoyatlari bilan bog‘liq gumondorlarni hibsga olish, giyohvand o‘simliklarni yo‘q qilish va giyohvandlarni hibsga olish bo‘yicha butun mamlakat bo‘ylab 41 ming 868 ta maxsus operatsiya o‘tkazildi. Natijada giyohvand moddalarga qaram bo‘lganlikda gumon qilinayotgan 10 ming 813 nafar shaxs hibsga olindi. Giyohvand moddalar, alkogol va psixotrop vositalar tayyorlovchi 450 ta laboratoriya yo‘q qilindi. 2 million 12 ming 632 tonna turli xil giyohvand moddalar, jumladan, geroin, morfin, opiy, gashish, metamfetamin, alkogolli ichimliklar, fermentlangan mayiz, kenevir, ko‘knori urug‘lari, kimyoviy moddalar, tabletkalar musodara qilindi. Yil davomida 19 ming 51 gektar ko‘knori va gashish plantatsiyalari yo‘q qilindi, mamlakat bo‘ylab 28 ming 546 nafar giyohvand shaxs hibsga olindi.
Biz giyohvand moddalarga qarshi kurash siyosatlashtirish va ekspluatatsiyadan uzoqroq tutilishi kerakligini ta’kidlaymiz. Bu insoniy va global muammo bo‘lib, siyosiy qarashlarga qurbon qilinmasligi kerak. Xalqaro hamkorlik o‘zaro hurmat, ishonchni mustahkamlash, mamlakatlarning ichki ishlariga aralashmaslik va joylardagi voqelikni tushunish tamoyillariga asoslanganda samarali bo‘ladi.
Munir Abdul Rahmon xalqaro hamjamiyatdan Afg‘onistonning sa’y-harakatlari va yutuqlarini adolatli baholanishi, bosim va izolyatsiyaga emas, balki hamkorlik va amaliy qo‘llab-quvvatlashga asoslangan yondashuvlardan foydalanishini kutishini qayd etdi.
– Tajriba shuni ko‘rsatadiki, transmilliy muammolarni faqat sheriklik va hamkorlik orqali hal qilish mumkin, qarama-qarshilik va keskinlik orqali emas, – dedi Afg‘oniston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari. – Fursatdan foydalanib, ushbu xalqaro forum tashkilotchilariga va O‘zbekiston hukumatiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Ular eng muhim zamon tahdidlardan biri, ya’ni transmilliy giyohvandlik haqida fikr almashish va muhokama qilish uchun qimmatli imkoniyat yaratdi. Bunday uchrashuvlar mamlakatlar o‘rtasidagi qarashlarni birlashtirish va amaliy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri