Tramp Seulga kutilmagan zarba berdi
Prezident Donald Tramp Pentagonga Janubiy Koreya bilan qo‘shma harbiy mashg‘ulotni sezilarli darajada qisqartirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bu qaror tadbirlar ko‘p mablag‘ talab qilishi va Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In bilan munosabat yaxshi ekani bilan izohlangan. Yetakchining fikricha, bunday mashq Pxenyanga nisbatan “dushmanlikdan ogoh” bermasligi kerak.
Ayni payt AQSH va Janubiy Koreya qo‘shinlari “Ulchi Freedom Shield” mashg‘ulotini o‘tkazyapti. 11 kunlik tadbirda 18 000 koreys harbiy ishtirok etmoqda. Mashg‘ulot Shimoliy Koreyadan ehtimoliy tahdidga tayyorgarlikni kuchaytirishga qaratilgan.
Qarorning yana bir sababi Seul Eron masalasida Vashingtonga yordam berishdan bosh tortgani bilan bog‘liq. Ma’lum bo‘lishicha, Tramp Janubiy Koreya Prezidenti Li Je Myondan Eronni yadroviy qurolsizlantirish bo‘yicha AQSHga qo‘shilishni so‘ragan, ammo “yo‘q, rahmat” degan javobni olgan.
Bu qadam Vashingtonning Janubiy Koreyaga nisbatan avvalgi pozitsiyasidan keskin farq qiladi. Pentagon rahbari Pit Xegset may oyida Seulning mudofaa xarajatini oshirish rejasini ijobiy baholagan edi. Pxenyan esa juma kuni qo‘shma mashg‘ulotni “tajovuzkor urushga tayyorgarlik” deb atab, AQSH va Janubiy Koreyaga nisbatan keskin choralar ko‘rishini bildirgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA