Tramp: Eron bilan dastlabki kelishuv imzolandi
AQSH prezidenti Donald Tramp Eron bilan urushni to‘xtatishga qaratilgan dastlabki kelishuv imzolanganini aytdi va kelishuv tafsilotlari yaqin kunlarda e’lon qilinishini bildirdi, deb xabar berdi VVS nashri.
AQSHning yuqori lavozimli amaldorlari ma’lum qilishicha, Hurmuz bo‘g‘ozi juma kuni qayta ochiladi. Shu kuni Jeneva shahrida kelishuv rasman imzolanishi kutilmoqda.
Ularning aytishicha, Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha texnik muzokaralar shu hafta boshlanadi. Sanksiyalarni yumshatish yoki muzlatib qo‘yilgan mablag‘larni ozod qilish esa Eronning kelishuv shartlarini bajarishiga bog‘liq bo‘ladi. AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vensning ta’kidlashicha, hujjatning birinchi bandida Eron mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga intilishi, shu jumladan terrorchi tashkilotlarni moliyalashtirishni to‘xtatishi ko‘zda tutilgan.
Tramp kelishuv matni juma kuni bo‘ladigan marosimdan keyin tez orada ommaga taqdim etilishini bildirdi.
Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif, muzokaralarda vositachilik qilgan davlat rahbari sifatida, barcha frontlarda, jumladan Livanda ham harbiy harakatlarni zudlik bilan va doimiy ravishda to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanhu esa mamlakat qo‘shinlari Livan, Suriya va G‘azodagi xavfsizlik hududlarida zarur bo‘lgan vaqtgacha qolishini bildirdi. U, shuningdek, Eronga yadroviy qurolga ega bo‘lishga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidladi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, dastlabki kelishuv imzolangandan keyin Hurmuz bo‘g‘ozi to‘liq ochiladi.
Shu bilan birga, Eron tashqi ishlar vazirligi Tehron hanuz AQSHga nisbatan chuqur ishonchsizlik saqlab qolayotganini va bu kelishuv faqat keskinlikni kamaytirish yo‘lidagi dastlabki qadam ekanini bildirdi.
Mojaroning bahsli masalalari Eronning uran boyitish dasturi, G‘arb davlatlarining Eron yadroviy qurolga ega bo‘lmasligi haqidagi talabi, shuningdek, Eronning sanksiyalarni to‘liq bekor qilish va muzlatilgan milliardlab dollarlik neft daromadlaridan foydalanish istagi bo‘lib qolmoqda.
Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA