Tramp bugun Zelenskiy bilan telefon orqali gaplashmoqchi
Bugun AQSH sobiq Prezidenti Donald Tramp va Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy o‘rtasida telefon muloqoti tashkil etilishi mumkin. Bu haqda CNN xabar berdi.
Tramp va Zelenskiy suhbati uchun mos sana haqidagi munozara ancha davom etdi. Manbalardan biri aniqlik kiritishicha, qo‘ng‘iroq vaqti haliyam o‘zgarishi ehtimoli bor.
Mazkur so‘zlashuv ikki siyosatchining Tramp Oq uyni tark etgandan keyingi ilk suhbati bo‘ladi.
“Interfaks” axboroti esa quyidagi mazmunda ifodalangan:
– Muloqot sobiq Prezidentning saylovdagi ehtimoliy g‘alabasidan keyin Tramp Ukrainaga nisbatan boshqacha siyosat olib borishi mumkinligi haqidagi xavotir asnosida tashkil etilmoqda. Amerika sobiq rahbari Ukrainadagi vaziyatni bir kunda hal qila olishini bir necha bor ta’kidlagan.
O‘tgan hafta Tramp Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashgan. Muzokaradan so‘ng Orban Yevropa yetakchilariga Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasida “tinchlik uchun vositachilik qilishga tayyor”ligini ochiqlagan.