Traktorchi-mashinist guvohnomasi yangilanishi kerak
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 apreldagi “Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalaridan foydalanishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan eski namunadagi texnik pasport va texnik guvohnoma, traktorchi-mashinist guvohnomasi hamda davlat raqam belgisini almashtirish muddati 2022 yil 31 dekabrgacha bo‘lib, 2023 yil 1 yanvardan boshlab eski namunadagi ushbu hujjatlar haqiqiy emas, deb hisoblanadi.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyati boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.

– Viloyat bo‘yicha 33 ming 600 dan ortiq qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarining elektron bazasi shakllantirilgan, – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyati boshqarmasi bosh inspektori Shahriddin Butunov. – Shu paytgacha 25 mingdan ortiq texnika yangi namunadagi texnik pasport, texnik guvohnoma va davlat raqam belgilari bilan ta’minlandi. Yil oxiriga qadar qolgan texnika vositalari hujjatlari ham yangilanishi kerak. Bu jarayon doimiy e’tiborimizda va inspektorlarimiz tomonidan hududlar kesimida monitoring tadbirlari o‘tkazilib, amalga oshirilgan ishlar kunlik tahlil qilinmoqda.
Yuqoridagi qarorga asosan, 2023 yilning 1 yanvardan boshlab, eski namunadagi traktorchi-mashinist guvohnomasi, texnik pasport va texnik guvohnoma haqiqiy emas deb topiladi hamda yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan, ma’muriy javobgarlik belgilanadi.
G‘.HASANOV, O‘zA