"Toza qo‘llar" dasturi – sog‘lom kelajak va yuqumli kasalliklarning oldini olishda muhim hujjat
15-oktabr – Butunjahon qo‘l yuvish kuni
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-maydagi “Sog‘liqni saqlash va ta’lim tashkilotlarida ichimlik suvi hamda sanitariya-gigiyena infratuzilmasini kengaytirishga qaratilgan «Toza qo‘llar» dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida sog‘liqni saqlash va ta’lim tashkilotlarida ichimlik suvi hamda sanitariya-gigiyena infratuzilmasini tubdan kengaytirishga qaratilgan «Toza qo‘llar» dasturini amalga oshirish, shu jumladan barcha maktablar, bog‘chalar va tibbiyot muassasalarini zarur sanitariya-gigiyena vositalari bilan uzluksiz ta’minlash, suv tarmoqlarini yaxshilash hamda xalqaro «Uch yulduzli yondashuv» metodikasini joriy etish kabi strategik vazifalar belgilab berilgan edi.
Bugun, 15-oktabr – Butunjahon qo‘l yuvish kuni keng nishonlanayotgan bir paytda, mazkur Hukumat qarorining mazmun-mohiyati va uning ijrosi naqadar hayotiy, dolzarb va uzoqni ko‘zlagan davlat siyosati ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Chunki global miqyosda e’tirof etilganidek, inson salomatligi va millat genofondini asrashning birinchi va eng muhim poydevori oddiygina shaxsiy gigiyena qoidalariga, xususan, qo‘lni muntazam sovunlab yuvish madaniyatiga borib taqaladi.
Har yili bugungi sananing Xalqaro qo‘l yuvish kuni sifatida keng nishonlanishi bejiz emas. Ushbu global sana ilk bor 2008-yilda Xalqaro suv haftaligi doirasida Global qo‘l yuvish hamkorligi (Global Handwashing Partnership) tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, uning bosh maqsadi jamiyatda, ayniqsa, yosh avlod ongida oddiy suv va sovun bilan qo‘l yuvish hayotiy zarurat ekanini singdirish hamda yuqumli kasalliklarning oldini olishda buning muhim omil ekanini ko‘rsatishdan iborat.
JSST va YUNISEF tahlillariga ko‘ra, hozir ham jahon aholisining sezilarli qismi uy sharoitida oddiy gigiyena vositalari va toza suv bilan to‘liq ta’minlanmagan. Holbuki, ilmiy tadqiqotlar shuni isbotlaydiki, muntazam ravishda qo‘lni sovunlab yuvish o‘tkir respirator va virusli infeksiyalar xavfini sezilarli darajada kamaytirib, oshqozon-ichak traktining o‘tkir infeksiyalari hamda diareya kabi xavfli kasalliklarning oldini olishda 40 foizgacha samara ko‘rsatadi.
Ko‘plab global tibbiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, oddiy suv va sovun yordamida qo‘lni yuvish insoniyatni o‘nlab yuqumli kasalliklardan himoya qiluvchi eng arzon, samarali «vaksina» vazifasini bajaradi. Ilmiy tahlillarga ko‘ra, agar aholi o‘rtasida, ayniqsa, ta’lim muassasalarida gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etilishi yo‘lga qo‘yilsa, oshqozon-ichak traktining o‘tkir infeksiyalari, gepatit A, diareya kabi xavfli kasalliklarning tarqalish ko‘rsatkichlarini keskin kamaytirishga erishish mumkin.
Inson qo‘llari kun davomida juda ko‘p miqdordagi yuqumli bakteriyalar, viruslar va parazitlarning asosiy tashuvchisi hisoblanadi. Ayniqsa, maktab va bog‘cha yoshidagi bolalar jamoasida bolalarning o‘z tabiiy faolligi va muloqot ko‘lami kengligi sababli infeksiyalar tez tarqaladi. Buni qarangki, rivojlanayotgan davlatlarda maktab o‘quvchilarining dars qoldirishi yoki o‘quv jarayonidan orqada qolishining katta qismi aynan yetarli bo‘lmagan sanitariya sharoitlari va gigiyena ko‘nikmalarining yetishmasligi tufayli kelib chiqadigan infeksion kasalliklar bilan bog‘liq ekan.
Tibbiyot mutaxassislari va xalqaro ekspertlarning tavsiyalariga ko‘ra, aholi ongida gigiyena madaniyatini mustahkam odatga aylantirish ustuvor ahamiyat kasb etadi. Mazkur qarorga muvofiq umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida xalqaro tajribaga asoslangan «Uch yulduzli yondashuv» metodikasining joriy etilishi maktablarda sog‘lom turmush tarzini bosqichma-bosqich va sifatli yuqori bosqichga ko‘tarish imkonini beradi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA