“Toza havo” oyligi tadbiri davom etmoqda
So‘nggi yillarda ishlab chiqarish korxonalari, avtomobillar sonining ko‘payishi atmosferaga chiqarilayotgan tashlamalar miqdorining sezilarli ortishiga sabab bo‘lmoqda.
Namanganda viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bilan birgalikda “Toza havo” oyligi o‘tkazilmoqda.

Joriy yilning 10-aprelidan 10-mayigacha davom etadigan “Toza havo” oyligi tadbiridan ko‘zlangan maqsad mamlakatda avtotransportlar tashlamalarini kamaytirishdan iboratdir.

Tadbir davomida viloyatning barcha hududlaridagi yo‘l-patrul maskanlari, markaziy ko‘chalarda benzin, dizel, tabiiy siqilgan va suyultirilgan gazda harakatlanadigan avtotransport vositalarining atmosfera havosiga tashlanayotgan zararli gazlar miqdori maxsus asbob-uskunalar orqali o‘lchanmoqda.

Hozirgi kunga qadarli viloyatda 4 ming 830 dona avtomobil ko‘rikdan o‘tkazilib, atmosferaga tashlanayotgan tashlamalar miqdori yuqori bo‘lgan avtomobil egalariga Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi inspektorlari tomonidan tegishli choralar ko‘rilib, nosoz avtomobil egalariga transport vositalarini belgilangan tartibda texnik ko‘rikdan o‘tkazish va sozlab olish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri