To‘yga — to‘yona: Nurafshonda yangi yer osti yo‘lagi ochildi
Mustaqilligimizning 35 yillik shodiyonalari arafasida Nurafshon shahrida aholi uchun yana bir muhim qulaylik yaratildi. Shaharda zamonaviy yer osti piyodalar yo‘lagi foydalanishga topshirildi.
Yangi inshoot transport harakatini tartibga solish, piyodalar xavfsizligini ta’minlash va shahar muhitini yanada qulaylashtirishga xizmat qiladi. Tantanali ochilish marosimida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, Nurafshon shahar hokimi Qobil Hamdamov, viloyat va shahar faollari, soha mutaxassislari, nuroniylar hamda aholi vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda yangi inshootning imkoniyatlari, shuningdek, Nurafshon shahrida transport va piyodalar infratuzilmasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Uzunligi 44 metr, kengligi 4,5 metr, balandligi 2,5 metr bo‘lgan yer osti yo‘lagi zamonaviy talablar asosida barpo etilgan bo‘lib, piyodalarning xavfsiz va qulay harakatlanishi uchun xizmat qiladi.

Ayniqsa, serqatnov hududda mazkur inshootning foydalanishga topshirilishi transport vositalari va piyodalar harakatini xavfsiz tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida foydalanishga topshirilgan ushbu inshoot Nurafshon ahli uchun munosib tuhfa bo‘lib, shaharning zamonaviy qiyofasini yanada boyitmoqda.
A.Musayev,O‘zA