Toshkentning asosiy kuchi – uning aholisida
Toshkent shahri kun sayin chiroy ochib bormoqda. Bugungi o‘zgarishlar nafaqat kundalik hayotimizda, balki xalqaro tadqiqotlarda ham tobora sezilmoqda. O‘zbekiston poytaxti bir necha yo‘nalishlar bo‘yicha jahon reytinglarida yuqori pog‘onalarni egallamoqda. Bu reytinglardagi har bir raqam ortida shunchaki bino va inshootlar, yo‘llar yoki iqtisodiy ko‘rsatkichlar emas, aynan poytaxt aholisi va ularning mehnati mujassam.
Global Cities Index 2026 reytingida Toshkent 128 pog‘ona yuqorilab, dunyoning minglab eng yirik shaharlari orasida 343-o‘rinni egalladi. Ayniqsa iqtisodiy yo‘nalish bo‘yicha erishilgan natija alohida ahamiyatga ega: poytaxtimiz bir yilda 558-o‘rindan 188-o‘ringa ko‘tarildi. Bu shahrimiz muhiti tez o‘zgarayotgani va Toshkentning global jarayonlarga faol kirib borayotganidan dalolatdir.
Biroq, poytaxt kelajagi uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa ko‘rsatkich bor. Bu – inson kapitali. Aynan shu yo‘nalishda salmoqli natijalarga erishildi: poytaxtimiz 2026-yilda inson kapitali bo‘yicha dunyoda 108-o‘ringa ko‘tarildi. Taqqos uchun: 2024-yilda Toshkent shahri 136-o‘rinda, 2025-yilda esa 123-o‘rinda edi. Shu tariqa, poytaxtimiz mazkur reytingda uch yil mobaynida aholi bilimi, ko‘nikmalari va kasbiy salohiyatini namoyon etadigan yo‘nalish bo‘yicha o‘z mavqeini muntazam oshirib bormoqda.
Poytaxtimiz rivojlanishi bu yerda barpo etilayotgan inshootlar yoki ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilangina emas, aholi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar ko‘lami bilan belgilanmoqda. Zero, zamonaviy shahar iste’dodlarni jalb qila olishi, ularni rivojlantirishi va saqlab qolishi, ta’lim, kasbiy o‘sish va tadbirkorlik uchun zarur sharoitlar yaratib, yangi g‘oyalarni amalga oshira olishi bilangina raqobatbardosh bo‘la oladi.
2025-yilda o‘tkazilgan va shu yilning 21-may kuni e’lon qilingan Boston Consulting Group kompaniyasining “Built to Change: How Cities Compete for the Future” nomli xalqaro tadqiqoti ham ushbu o‘sish sur’atini tasdiqlaydi. Unga ko‘ra, Toshkent shahri o‘zgarishlar jadalligi bo‘yicha Shenchjen va Ar-Riyod shaharlarini ortda qoldirgan holda, dunyoning 80 ta shahri orasida uchinchi o‘rinni egalladi. Bundan tashqari, poytaxtimiz iqtisodiy faollikning o‘sish sur’ati bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi.
E’tiborli jihati shundaki, BCG xalqaro tadqiqotida shunchaki shaharlarning joriy holati baholangani yo‘q. Tadqiqotda shaharlarning qanchalik tez rivojlanishi, yangi sharoitlarga moslashishi va aholisi uchun shahar muhitini yaxshilay olishi kabi mezonlarni o‘rganilgan. 200 dan ortiq ko‘rsatkichlar tahlil qilinib, dunyo bo‘yicha 24 ming nafardan ortiq shahar aholisining fikri hisobga olingan.
Albatta, bu ulkan raqamlar ortida muayyan insonlar turadi: har kuni bolalarga ta’lim berayotgan o‘qituvchi, bemorlar salomatligi uchun mas’ul shifokor, yangi yechimlar ustida ishlayotgan muhandis, yangi ish o‘rinlarini yaratayotgan tadbirkor, kasbiy yo‘lini endi boshlayotgan talaba va shahar xizmatlari uzluksiz ishlashini ta’minlayotgan mutaxassis kabi millionlab poytaxtliklar Toshkent taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Shu sababli inson kapitali – xalqaro reytingdagi mavhum toifa emas, balki shaharning o‘z aholisiga bilim, imkoniyat va iqtidorlarini ro‘yobga chiqarish uchun keng maydon yaratib bera olish qobiliyatidir. Imkoniyatlar ko‘paygan sari, shahar ham mustahkamlanib boraveradi.
Xalqaro tahlilchilar Toshkent shahrini rivojlanishi alohida kuzatilayotgan shaharlar (Cities to Watch) qatoriga kiritgani e’tiborga loyiq. Bu poytaxtimiz uchun xalqaro e’tirof bo‘libgina qolmay, megapolis o‘zgarishida har kuni ishtirok etayotgan insonlar mehnatining mahsulidir.
Shu bilan birga, reytingdagi yuqori o‘rinning o‘zi yakuniy maqsad bo‘la olmaydi. Har qanday ko‘rsatkichning qadri kundalik hayotdagi aniq o‘zgarishlar bilan tasdiqlanganda namoyon bo‘ladi. Insonlar uchun shahar rivojini nafaqat xalqaro reytinglarda ko‘rish, balki amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni yo‘lda, ishda, uyida, mahallada, maktabda, shifoxonada yoki jamoat transportida his etish muhimdir.
Shuningdek, oldinda bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar ham kam emas: shahar muhitini va ekologik vaziyatni yanada yaxshilash, tumanlarni mutanosib rivojlantirish, har bir fuqaro uchun qulay sharoitlar yaratish shular jumlasidandir. Iqtisodiy o‘sish yangi imkoniyatlar yaratishda davom ettirilishi kerak – bu ta’lim olish, mehnat qilish, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, kasbiy o‘sish va o‘z oilasi kelajagini barpo etish imkoniyatlaridir.
Ana shunda azim Toshkentimizning yutuqlari asosiy ko‘rsatkichi dunyo reytinglaridagi o‘rni bilangina emas, balki insonlarda – ularning bilimi, tashabbusi, kelajakka bo‘lgan ishonchi va o‘z hayotini ushbu shahar bilan bog‘lash istagida o‘z aksini topadi.
Roman BONDARCHUK, O‘zA