Toshkentdagi eng muammoli ko‘chalar
Toshkentning yirik va muhim ko‘chalari bo‘lgan Muqimiy va Sh. Rustaveli ko‘chalari avtobus haydovchilari uchun katta muammolarga sabab bo‘lmoqda.
Har kuni mazkur ko‘chalardagi bekatlarga kelishda haydovchilar yo‘lni to‘sib qo‘ygan avtomobillar bilan to‘qnash kelishadi. Bu avtomobillar avtobuslarning harakatiga jiddiy to‘sqinlik qiladi va yo‘lovchilarni o‘z manziliga tez va xavfsiz yetkazish ishlariga xalal beradi.
Avtobuslarning harakatini yaxshilash maqsadida ko‘plab ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, ayrim ko‘chalarda infratuzilma kamchiliklari hali ham mavjud. Xususan, avtobuslar harakati uchun mo‘ljallangan yo‘l bo‘lagi va oraliq bekatlar yengil avtotransport vositalari tomonidan doimiy band qilinishi, yo‘l bo‘yida joylashgan daraxtlarning butalanmaganligi avtobuslar harakatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
"Toshshahartransxizmat" AJ xodimlari va YPX YHXB bilan hamkorlikda muntazam ravishda tozalash tadbirlari tashkil etilsada, aksariyat bekatlar hanuzgacha turargohlarga aylantirib qo‘yilmoqda.
2-sonli avtobus yo‘nalishi mutaxassisi Sirojiddin Jalilovning so‘zlariga ko‘ra, Muqimiy va Sh. Rustaveli ko‘chalari eng muammoli ko‘chalardan biri hisoblanadi. Uning aytishicha, ba’zi bekatlarga kirish umuman mumkin emas. Hatto jamoat transporti uchun alohida harakatlanish bo‘lagi tashkil etilgan bo‘lsada, haydovchilar avtomobillar tirbandligi sababli o‘z yo‘laklaridan yurolmasdan, uzluksiz chiziqni bosib o‘tishga majbur bo‘lmoqda.
Quyidagi videolavhada "Toshshahartransxizmat" AJ Axborot xizmati mutasaddilari mazkur muammolar yuzasidan nazorat qiluvchi vakolatli tashkilot mas’ullaridan choralar ko‘rishni so‘ramoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/ZdRGHbXM9Ig?si=cW18twWWSCfVW1W_" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA