Toshkentda Yevropa tillari kuni: til, madaniyat va muloqot maydoni
Til nafaqat muloqot vositasi, balki turli xalqlar va madaniyatlarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi muhim ko‘prikdir. Shu maqsadda Toshkentda Yevropa tillari kuni munosabati bilan til o‘rganish, madaniy almashinuv va turli mamlakatlar bilan yaqindan tanishishga bag‘ishlangan tadbirlar tashkil etiladi.
Joriy yilning 30-sentabr kuni o‘tkaziladigan “Yevropa tillari kuni 2026” tadbirlari doirasida Yevropa Ittifoqi, diplomatik vakolatxonalar, madaniy tashkilotlar, universitetlar, talabalar, til o‘rganuvchilar va keng jamoatchilik ishtirokida kun davomida turli interaktiv dasturlar bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida turli tillarning ona tili vakillari qo‘shiqlar, iboralar, so‘zlar hamda interaktiv ta’lim mashg‘ulotlari orqali ishtirokchilarni Yevropa tillari bilan tanishtiradi.
– Yevropa tillari kuni turli tillarni o‘rganish va Yevropa xalqlarining boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishish uchun yaxshi imkoniyat yaratadi. Bunday tadbirlar natijasida yoshlar va til o‘rganuvchilar nafaqat yangi so‘z va iboralarni o‘zlashtiradi, balki turli madaniyat vakillari bilan muloqot qilish, yangi do‘stlar orttirish hamda madaniy almashinuvda ishtirok etish imkoniga ega bo‘ladi. Tillar o‘rtasidagi xilma-xillik esa xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro tushunish va yaqin hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, – dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi axborot xizmati rahbari Malika Musayeva.
Shuningdek, tadbir doirasida Tillar yarmarkasi tashkil etiladi. Unda turli mamlakatlarga bag‘ishlangan stendlarda o‘yinlar, viktorinalar, madaniyatga oid ma’lumotlar hamda Yevropa tillari bilan yaqindan tanishish imkoniyatlari taqdim etiladi.
“SpeakEasy Night” dasturi doirasida qisqa metrajli film namoyishi va muhokamasi, til stollari, interaktiv o‘yinlar, tezkor tanishuv va madaniy almashinuv tadbirlari o‘tkaziladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA