Toshkentda yadro tadqiqotlari sohasida xalqaro ekspertlar muloqoti bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutida MBIR tez neytronli ko‘p maqsadli tadqiqot reaktori negizidagi Xalqaro tadqiqotlar markazi (MBIR XTM) Maslahat kengashining uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda 18 mamlakatdan soha mutasaddilari, olimlar, ekspertlar va mutaxassislar ishtirok etdi. Yig‘ilishda MBIR tadqiqot qurilmasining zamonaviy ilmiy infratuzilmadagi o‘rni, uning yadro tadqiqotlarini rivojlantirish va xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirishdagi ahamiyati muhokama qilindi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Shavkat Ayupov, MBIR XTM Maslahat kengashi raisi, Rossiya Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Stepan Kalmыkov va boshqalar MBIR tadqiqot qurilmasining “megasayens” ilmiy infratuzilmasining bir qismi sifatidagi o‘rnini ta’kidladi. Shuningdek, MBIR XTM ilmiy dasturining yadro yoqilg‘i siklini yopish, radioaktiv chiqindilar miqdorini kamaytirish va atom energetikasining resurs bazasini kengaytirishdagi ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, yig‘ilishda MBIR reaktori imkoniyatlarini O‘zbekistondagi mavjud ilmiy-tadqiqot infratuzilmasi bilan uyg‘unlashtirish masalasiga ham urg‘u berildi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti direktori, akademik Ilhom Sodiqov noyob tadqiqot qurilmalari imkoniyatlarini birlashtirish muhimligini qayd etdi.
– Uchrashuv zamonaviy yadro fizikasi va reaktor texnologiyalari chegara bilmasligini yaqqol ko‘rsatmoqda. Qurilayotgan MBIR reaktori imkoniyatlarini Yadro fizikasi institutining amaldagi infratuzilmasi, jumladan, modernizatsiya qilingan VVR-SM tadqiqot reaktorimiz va tezlatgichlar majmuasi bilan birlashtirish makromintaqada amaliy fan uchun mutlaqo yangi istiqbollarni ochadi. Biz materialshunoslik bo‘yicha qo‘shma tajribalar, hisoblash kodlarini verifikatsiya qilish va radioizotoplar ishlab chiqarishda ulkan salohiyatni ko‘ryapmiz. Noyob kompetensiyalarimiz va eksperimental bazalarimizni birlashtirish yadro xavfsizligini ta’minlash hamda tinch atomning barqaror rivojlanishi uchun ishonchli asos bo‘lishiga ishonaman, – dedi u.
MBIR loyihasining xalqaro ilmiy hamjamiyatdagi ahamiyati haqida “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktorining fan va strategiya bo‘yicha o‘rinbosari Yevgeniy Abakumov ham fikr bildirdi.
– Maslahat kengashi yig‘ilishining Toshkentda o‘tkazilishi MBIR loyihasi haqiqatan ham xalqaro ilmiy hamjamiyatda qiziqish uyg‘otayotganining tasdig‘idir. MBIR XTM konsorsiumi mahalliy loyiha doirasidan chiqib, ilg‘or yadro ilmiy tafakkurining global markaziga aylandi. Yetakchi tadqiqot markazlari va korporatsiyalar o‘z rejalarida reaktor bazamizning imkoniyatlarini hisobga olmoqda. Bu biz talab yuqori bo‘lgan fundamental ilmiy vositani yaratayotganimizni ko‘rsatadi. Aynan ko‘p tomonlama ekspert muloqoti doirasida jahon atom energetikasining kelgusi o‘n yilliklardagi ilmiy-texnologik standartlari va strategik rivojlanish yo‘nalishlari shakllanmoqda, – dedi Ye.Abakumov.
Yig‘ilish kun tartibi amaliy muhandislik vazifalari bilan tadqiqot dasturlarining o‘zaro uyg‘unligiga qaratildi. Tadbir ishtirokchilari tadqiqot infratuzilmasini rivojlantirish, tadqiqot usullari va yadro energetika texnologiyalarini takomillashtirish, shuningdek, milliy dasturlarni rivojlantirish strategiyalari va kadrlar tayyorlash masalalarini muhokama qildi.
Yig‘ilish yakunida yadro tadqiqotlari sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha keyingi rejalar belgilab olindi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA