Toshkentda “Xalqaro yoshlar festivali - 2026” taqdimoti o‘tkazildi
Joriy yilning 11-17-sentabr kunlari Rossiyaning Yekaterinburg shahrida “Xalqaro yoshlar festivali - 2026” bo‘lib o‘tadi.
Shu munosabat bilan Toshkent shahridagi “Moskva muhandislik-fizika instituti” milliy tadqiqot yadro universiteti filialida mazkur festivalning tashkil etilishi va mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.
Unda so‘z olgan filial ijrochi direktori Shavkat Abdukomilov, Butunjahon yoshlar festivali direksiyasi bosh direktori o‘rinbosari Vaxtang Xiklandze va boshqalar bugungi kunda yoshlar bilim va salohiyatini yuksaltirishda nafaqat oliy ta’lim muassasalari, balki xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan festivallar ham katta o‘rin tutishini ta’kidladi.
Shavkat Abdukomilovning so‘zlariga ko‘ra, bugungi globallashuv sharoitida yoshlar o‘rtasidagi xalqaro muloqot va hamkorlikni mustahkamlash muhim hisoblanadi.
[gallery-28746]
– Xalqaro yoshlar festivali kabi nufuzli platformalar yosh avlod uchun nafaqat muloqot maydoni, balki ularning intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, zamonaviy bilim va ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirishda muhim o‘rin tutadi. Bunday tadbirlar turli mamlakatlar yoshlarini bir maqsad yo‘lida birlashtirib, o‘zaro ishonch, hurmat va hamjihatlik muhitini shakllantiradi.
Ayniqsa, O‘zbekiston yoshlarining ushbu jarayonlarda faol ishtirok etishi ularning dunyoqarashi kengayishiga, global muammolarga nisbatan o‘z nuqtai nazarini shakllantirishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, bunday xalqaro maydonlarda qatnashish yoshlarimizga o‘z g‘oya va tashabbuslarini ilgari surish, yangi loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam asos yaratadi.
Eng muhimi, Xalqaro yoshlar festivali singari tashabbuslar natijasida mamlakatimiz yoshlari dunyo yoshlari bilan yelkama-yelka turib, umumiy kelajakni barpo etishda faol ishtirok etmoqda. Bu esa O‘zbekistonning xalqaro nufuzini oshirish, ochiq va hamkorlikka tayyor davlat sifatidagi imijini mustahkamlashda yanada muhim, – dedi Shavkat Abdukomilov.
Shundan so‘ng ishtirokchilarga mazkur keng ko‘lamli xalqaro yoshlar tadbiri haqida atroflicha ma’lumot berildi. Taqdimotga ko‘ra, joriy yilning 11-17-sentabr kunlari ushbu festival Rossiyaning yirik iqtisodiy, ilmiy va madaniy markazlaridan biri bo‘lgan Yekaterinburg shahrida bo‘lib o‘tadi. Unda 190 mamlakatdan 10 ming nafar ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.
Festival ishtirokchilari uchun 9 ta yo‘nalish bo‘yicha boy va mazmunli dastur tayyorlangan. Turli mamlakatlardan kelgan yoshlarni o‘zaro yaqinlashtirishga qaratilgan birlashtiruvchi dastur netvorking va jamoaviy faoliyatlar orqali o‘zaro tanishish va muloqot qilish imkonini beradi.
Butunjahon yoshlar festivali direksiyasi bosh direktorining o‘rinbosari Vaxtang Xiklandze qayd etganidek, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashda yoshlarning alohida o‘rni muhim ahamiyatga ega.
– Butunjahon yoshlar festivali direksiyasi ikki mamlakat yoshlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratadi. Markaziy Osiyodagi eng muhim hamkorlarimizdan biri bo‘lgan O‘zbekiston bilan aloqalar izchil mustahkamlanmoqda. Respublika fuqarolarini Rossiyaning ta’lim va yoshlar tashabbuslariga faol jalb etishga intilamiz. Yoshlar an’anaviy ravishda loyihalarimizga yuqori qiziqish bildirib kelmoqda. Buni raqamlar ham tasdiqlaydi. Ayni paytda mamlakat “Xalqaro yoshlar festivali -2026” uchun arizalar soni bo‘yicha yetakchilar qatorida. Hozirgacha 1700 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashish istagini bildirgan. Biz do‘stlarimizni festivalda mamnuniyat bilan kutib olamiz va butun dunyo yoshlari bilan birgalikda global muloqotga kirishib, umumiy kelajakni belgilashga tayyormiz, – dedi Vaxtang Xiklandze.
Festival doirasida qator madaniy tadbirlar uyushtiriladi. Xususan, ishtirokchilar uchun Yekaterinburgning tarixiy, tabiiy va madaniy merosi bilan tanishuv, shuningdek, xorijiy yoshlar uchun Rossiyaning 30 ta hududi va Abxaziya Respublikasi bo‘ylab sayohat qilish imkoniyati taqdim etiladi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA