Toshkentda suv, sanitariya va sog‘liq bo‘yicha milliy ko‘rsatkichlar ishlab chiqilmoqda (+Video)
Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib “Suv va sog‘liq” protokoliga qo‘shilgan O‘zbekiston ayni paytda o‘z oldiga katta maqsad qo‘ydi. Endi mamlakatda suv ta’minoti, sanitariya va sog‘liqni saqlash sohalarida aniq maqsadli ko‘rsatkichlar belgilanadi.
Bugun poytaxtda o‘tkazilgan yirik texnik seminar mazkur jarayonning birinchi qadami, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Tadbir Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC) moliyaviy ko‘magida, 2023–2026 yillarga mo‘ljallangan “Iqlim o‘zgarishi sharoitida O‘zbekistonda suv ta’minoti, sanitariya va suv resurslarini himoya qilishni mustahkamlash” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Unda vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar, nodavlat sektor va ilmiy doiralar vakillari ishtirok etishdi va O‘zbekistonning suv resurslari, sanitariya, gigiyena va sog‘liqni saqlashdagi muammolari hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan islohotlar yuzasidan fikr almashinildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib “Suv va sog‘liq masalalari bo‘yicha Protokol”ga qo‘shilgan davlatdir. Bu xalqaro huquqiy hujjat suv resurslarini barqaror boshqarish va suv bilan bog‘liq kasalliklarning oldini olishga qaratilgan bo‘lib, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (Yevropa byurosi) tomonidan qo‘shma tarzda amalga oshiriladi.
Seminar ochilishida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekov, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Mahl hamda Shveysariya elchixonasi vakili Shohruh Avazov kirish so‘zlari bilan chiqish qildilar. Ular suv ta’minoti va gigiyenani yaxshilash O‘zbekiston uchun nafaqat ijtimoiy, balki iqtisodiy barqarorlik omili ekanini ta’kidladilar.
Dastlab xalqaro ekspertlar Protokolning mazmuni, huquqiy majburiyatlari hamda undagi 6-modda doirasida belgilangan maqsadli sohalarni tanishtirib o‘tdilar.
Shundan so‘ng, milliy ekspertlar — Olga Mirshina va Zulfiya Yarullina O‘zbekistonda suv, sanitariya va sog‘liqni saqlash bo‘yicha amalga oshirilgan boshlang‘ich holat tahlilini taqdim etdilar.
Tahlil natijalariga ko‘ra, aholining xavfsiz ichimlik suvi va sanitariya xizmatlariga kirish imkoniyati hamon cheklangan. Iqlim o‘zgarishi oqibatida yuzaga kelayotgan qurg‘oqchilik va toshqinlar esa mavjud infratuzilmaga qo‘shimcha xavf tug‘dirmoqda. Shu sababli, ishtirokchilar O‘zbekiston uchun ko‘p sektorli va aniq maqsadli ko‘rsatkichlar ishlab chiqish zarurligini qayd etdilar.
Seminar davomida guruhlarga bo‘lingan holda ishtirokchilar ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha takliflarni ishlab chiqdilar. Belarus vakili Yelena Drazdova esa o‘z mamlakatining tajribasini o‘rtoqlashib, ko‘p tomonlama muvofiqlashtirish mexanizmlari samaradorligini ta’kidladi.
Yakunda, ishtirokchilar O‘zbekistonda Protokol bo‘yicha milliy ko‘rsatkichlarni belgilash jarayonini bosqichma-bosqich amalga oshirish yuzasidan kelishib oldilar. Bu yo‘lda barcha manfaatdor tomonlarning hamkorligi va maslahatlashuvlari muhim ekani qayd etildi.
<iframe width="640" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/F-6Hnn5vd1k?si=m_HKYZCo5JI7Jeek" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Eshmirzayeva, D.Yakubov, O‘zA