Toshkentda noqonuniy inshootlar bartaraf etilmoqda
Bugungi kunda mamlakatimizda mulk huquqi daxlsizligini kafolatlash, sohaga oid huquqiy tizimni takomillashtirish, fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini oshirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Shu o‘rinda yerdan foydalanish masalalarida qonuniylikka rioya qilish alohida e’tiborga olingan.
Toshkent shahar hokimligi ma’lumotlariga ko‘ra, Yunusobod tumanidagi Billur mahallasi Rixsiliy ko‘chasida joylashgan ob’ektda 1,6 ming kvadrat metr maydon noqonuniy egallanib, hech qanday kadastr hujjatlarisiz va yer solig‘i to‘lanmasdan tartibsiz savdo binosi qurilgan. Ushbu bino ortidagi, aynan turar-joy binolari ro‘parasidagi hudud esa spirtli ichimliklar iste’mol qilinadigan, axlat to‘planadigan, antisanitariya hukm suradigan joyga aylangan.

Qayd etilishicha, sudning 2022 yil 10 avgustdagi qarori bilan tadbirkor – “Yasmin Gold Auto“ MCHJga qurilmani mustaqil ravishda demontaj qilish majburiyati yuklatilganiga, bir necha bor yozma ogohlantirilishiga qaramasdan, qaror ijrosini ta’minlamagan. Hattoki, savdo maydonini kengaytirishni davom ettirdi. Hozirda kadastr organlari, Majburiy ijro byurosi va hokimiyat tomonidan tadbirkorga mustaqil ravishda demontajni boshlash, qurilish chiqindilarini olib chiqib ketish va yerdan noqonuniy foydalangani uchun jarima to‘lash majburiyati yuklatilgan.

Shuningdek, faqatgina Yunusobod tumanining o‘zida 2024 yilda umumiy maydoni 5,3 gektar bo‘lgan 355 ta shunday ob’ekt aniqlangan. Bu shunchaki raqamlar emas – bu shahar va qonuniy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun boy berilgan imkoniyatlar, shuningdek, huquqiy me’yorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri buzilishidir. Shu bilan birga, qonunchilik talablari nafaqat tijorat ob’ektlariga, balki turar-joy binolariga ham taalluqlidir. Ruxsat beruvchi hujjatlarsiz qurilgan inshootlar, ularning vazifasi va maydonidan qat’i nazar, demontaj qilinadi. Bunday xatolarga yo‘l qo‘yganlar uchun yagona yo‘l – sud organlarining ko‘rsatmalarini bajarish orqali qoidabuzarlikni bartaraf etish mumkin.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA