Toshkentda Markaziy Osiyo suv xo‘jaligi mutaxassislari tajriba almashmoqda
Bugun Toshkent shahrida “Markaziy Osiyo suv xo‘jaligida iqlim o‘zgarishi sharoitida suv tejovchi sug‘orish texnologiyalari va raqamli yechimlarni joriy etish” mavzusida mintaqaviy trening boshlandi.
Suv xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi va “Blue Peace Central Asia” (BPCA) loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondan suv xo‘jaligi sohasi mutasaddilari, olimlar va mutaxassislar ishtirok etmoqda.
Tadbirning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Zokir Ishpo‘latov, Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligining suv resurslari, infratuzilmalar va iqlim o‘zgarishi masalalari bo‘yicha mintaqaviy mutaxassisi Ashanti Bleyx, Suvchilar maktabi direktori Farhod Saidov, “Blue Peace Central Asia” loyihasi rahbari o‘rinbosari Nazokat Isayeva va boshqalar so‘zga chiqdi.

Unda suv resurslaridan samarali foydalanish, iqlim o‘zgarishi sharoitida suv tanqisligining salbiy ta’sirini kamaytirish hamda qishloq xo‘jaligida zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini keng joriy etish muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida tajriba almashish, sohadagi ilg‘or yondashuv va yechimlarni o‘zaro ommalashtirish zarurligi qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan so‘nggi yillarda O‘zbekistonda suv xo‘jaligini modernizatsiya qilish va suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Sohaning zamonaviy normativ-huquqiy bazasi shakllantirilib, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yo‘lga qo‘yildi. Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etayotgan xo‘jaliklarni rag‘batlantirish maqsadida subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratish tizimi joriy qilindi. Shu bilan birga, bugungi kunda tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish uskunalarini mahalliy ishlab chiqarish izchil rivojlantirilmoqda. Bu esa zamonaviy sug‘orish usullaridan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirayotir.

Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Zokir Ishpo‘latovning ta’kidlashicha, bugun Markaziy Osiyo mamlakatlari iqlim o‘zgarishi, aholi sonining ortishi, suvga bo‘lgan ehtiyojning ko‘payishi va suv resurslarining qisqarishi bilan bog‘liq jiddiy muammolarga duch kelmoqda.
– Bunday sharoitda har bir kub metr suvdan samarali foydalanish oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish va ekologik muvozanatni saqlashning muhim shartiga aylanmoqda. Shu bois, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, suv xo‘jaligini raqamlashtirish va soha mutaxassislarining kasbiy salohiyatini oshirish O‘zbekiston davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan suv xo‘jaligini modernizatsiya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etildi. Suv tejovchi texnologiyalarni tatbiq etish uchun subsidiyalar va imtiyozli kreditlar ajratilmoqda, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish uskunalarini mahalliy ishlab chiqarish rivojlantirilmoqda.

Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida zamonaviy sug‘orish usullaridan foydalanilayotgan maydonlar yildan-yilga kengayib bormoqda. Shu bilan birga, mutaxassislar va fermerlarning malakasini oshirish, sug‘orish tizimlaridan samarali foydalanishni takomillashtirish hamda suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda, – dedi Z. Ishpo‘latov.
Qayd etilganidek, ushbu tadbirdan ko‘zlangan maqsad Markaziy Osiyo mamlakatlari suv xo‘jaligi mutaxassislarining kasbiy salohiyatini oshirish, o‘zaro tajriba almashishni kengaytirish, suv resurslaridan samarali foydalanish, zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlashdir.
Suvchilar maktabi direktori Farhod Saidov trening dasturida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bilan bir qatorda, bu jarayonlarni raqamlashtirish va ishtirokchilarga amaliy ko‘nikmalar berishga ham alohida e’tibor qaratilganini ta’kidladi.

– Dasturning alohida qismi suv tejovchi sug‘orish tizimlarini joriy etish jarayonlarini raqamlashtirishga bag‘ishlangan. Unda “Tomchi” mobil ilovasi, yagona elektron “TOMCHI” reyestri hamda suvdan foydalanuvchilarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiluvchi boshqa raqamli vositalar taqdim etiladi. Shuningdek, amaliy mashg‘ulotlarda tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari, suv tejovchi egatlab sug‘orish usullari hamda tuproq ostidan sug‘orish texnologiyalariga alohida e’tibor qaratiladi. Ahamiyatlisi, ushbu mintaqaviy trening suv tejamkorligi, raqamlashtirish va iqlim o‘zgarishiga moslashuv yo‘nalishlarida Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi kasbiy hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashishni kengaytirish va ilg‘or yechimlarni ommalashtirishga xizmat qiladi, – deya ta’kidladi u.
Trening doirasida ishtirokchilar Suvchilar maktabining tajriba-namoyish maydonchasida meteostansiyalardan foydalanish, meteorologik ma’lumotlar asosida sug‘orish rejimini belgilash va suvni ekin ehtiyojidan kelib chiqib boshqarish usullari bilan tanishadi.
Trening yakunida esa “Debyut” (Agrodrip) zavodiga tashrif buyurib, suv tejovchi sug‘orish tizimlari uchun zarur elementlarni ishlab chiqarish va loyihalash jarayonlarini o‘rganish rejalashtirilgan.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA