Toshkentda ijara narxi qaysi tumanlarda qimmat?
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 2026-yil may oyi yakunlariga asosan Toshkent shahrida uy-joy ijara bozorida umumiy median narx 550 AQSH dollari darajasida barqaror saqlanib qolgan. Bu ko‘rsatkich aprel oyiga nisbatan o‘zgarmagan bo‘lsa-da, 2025-yil may oyiga nisbatan 10 foizga yuqori hisoblanadi.
Tahlillarga ko‘ra, may oyida ijara takliflari sezilarli darajada kamaygan. Agar aprel oyida 22,8 mingta e’lon qayd etilgan bo‘lsa, may oyida bu ko‘rsatkich 18,1 mingtaga tushgan, ya’ni qariyb 21 foizga qisqarish kuzatilgan.
Taklifning asosiy qismi Mirzo Ulug‘bek, Mirobod va Yunusobod tumanlariga to‘g‘ri keladi. Ushbu uch tuman jami ijara e’lonlarining qariyb 42 foizini tashkil etadi.
Ijara narxlari hududlar kesimida sezilarli farq qiladi. Eng qimmat tumanlar qatorida Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy alohida ajralib turadi. Masalan, bir xonali uylar Mirobodda 600 dollargacha yetsa, Olmazor, Sergeli va Uchtepa tumanlarida 350 dollar atrofida. Uch xonali uylar Mirobod va Shayxontohurda 1000 dollargacha yetsa, Sergeli va Uchtepada 450 dollar atrofida shakllangan. To‘rt va undan ortiq xonali uylar bo‘yicha esa Mirobod va Yakkasaroy eng qimmat manzillar sifatida saqlanib qolmoqda.
Bozorda 2 xonali xonadonlar asosiy ulushni egallab, umumiy e’lonlarning 59,6 foizini tashkil etgan. 3 xonali uylar 26 foiz, 1 xonali uylar 10,9 foiz, 4 va undan ortiq xonali uylar esa 3,5 foiz.
Narx dinamikasiga qaralganda, 1 xonali uylarda yillik o‘sish 14,3 foizni tashkil etgan. 2 va 3 xonali uylarda narxlar deyarli o‘zgarmagan bo‘lsa, 4 va undan ortiq xonali segmentda 20 foizgacha pasayish kuzatilgan.
Xulosa qilib aytganda, 2026-yil may oyida Toshkent ijara bozorida umumiy narx barqaror qolgan. Biroq taklif hajmi qisqargan, hududlar va xonadon turlari kesimida esa farqlar yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA