Toshkentda "Global va milliy iqtisodiyot trendlari" V xalqaro forumi o‘tkazildi
Bugun Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining 95 yilligi munosabati bilan "Global va milliy iqtisodiyot trendlari: O‘zbekiston - 2030 strategiyasi" mavzusida V xalqaro forum tashkil etildi.
Forumda vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari vakillari, shuningdek, Buyuk Britaniya, AQSH, Italiya, Polsha, Indoneziya, Malayziya, Hindiston, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlardan olimlar, ekspertlar, professor-o‘qituvchilar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Forumning rasmiy ochilish marosimida iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Gulnora Rahimova, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipov, AQSHning Nyu-Jersi texnologiya instituti professori Mori Koen va boshqalar so‘zga chiqib, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, "O‘zbekiston - 2030" strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda xalqaro hamkorlikning ahamiyatini ta’kidladi.
Mazkur xalqaro forum milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar va innovatsion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro akademik hamjamiyat bilan aloqalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Unda ilgari surilgan taklif va tashabbuslar "O‘zbekiston - 2030" strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, raqamli va yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, yoshlarning ilmiy salohiyatini yuksaltirish hamda mamlakatning barqaror iqtisodiy taraqqiyoti uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
– Forum doirasida beshta konferensiya o‘tkazilmoqda. Ularda sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, milliy iqtisodiyotni mustahkamlash hamda hududiy muammolarga ilmiy yechim topish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Forumda 50 dan ortiq mamlakatdan xorijiy ekspertlar, olimlar va amaliyotchilar ishtirok etmoqda. Ular universitetimiz professor-o‘qituvchilari va tadqiqotchilari bilan tajriba almashish, ilmiy hamkorlikni rivojlantirish va yangi loyihalarni muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Konferensiyalarda iqtisodiy islohotlarni takomillashtirish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish, qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish kabi dolzarb masalalar ham muhokama qilinmoqda. Forumda bildirilgan fikrlar va amaliy takliflar kelgusidagi tadqiqotlar hamda iqtisodiy taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlarini belgilashga xizmat qiladi, – dedi mazkur universitet prorektori Gulnora Abdurahmonova.
[gallery-32257]
Anjumanda “yashil” iqtisodiyot, barqaror rivojlanish, raqamli transformatsiya va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
AQSHning Nyu-Jersi texnologiya instituti professori Mori Koen qayd etganidek, forum xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.
–Forum mamlakatlar o‘rtasidagi ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, akademik muhokamalarni kengaytirish va O‘zbekistonni global ilmiy muloqotlarga munosib hissa qo‘shayotgan mamlakat sifatida tanitish uchun ajoyib imkoniyat yaratadi. O‘zbekistonning “yashil” iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirishga qaratilgan tashabbuslari e’tiborga molik. Mamlakatda amalga oshirilayotgan ishlar haqida xalqaro hamjamiyatga ma’lumot yetkazish va uning jahon miqyosidagi nufuzini oshirishga hissa qo‘shishdan mamnunman, – dedi Mori Koen.
Nasiba Ziyodullayeva,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA