Toshkentda “Franklin Templeton” ofisi ochiladi
Prezidentimizning joriy yil yanvar oyida Singapurga davlat tashrifi davomida “Franklin Templeton” investitsiya kompaniyasi bilan muhim kelishuvga erishilgan edi. Jumladan, ushbu kompaniya O‘zbekistonda davlat ulushidagi korxonalarning aktivini boshqarishi, aksiyalarini xalqaro fond bozorida ommaviy joylashtirish jarayonini tashkil etishga ko‘maklashishi belgilangan.
Shu kunlarda “Franklin Templeton” kompaniyasining Singapurda joylashgan mintaqaviy ofisi rahbariyati mamlakatimizdagi davlat ulushidagi kompaniyalarni batafsil o‘rganish maqsadida yurtimizda bo‘lib turibdi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan tashkil etilgan davra suhbatida mazkur xorijiy korxona vakillari hamda vazirlik, idoralar hamda davlat ulushiga ega kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirda “Franklin Templeton” kompaniyasi faoliyati yuzasidan ma’lumot taqdim etildi, ushbu yirik jamoa bilan hamkorlikning ahamiyati ta’kidlandi.
[gallery-11212]
Kompaniya vakillariga mamlakatimizdagi makroiqtisodiy sharoitlar haqida so‘zlab berildi. Mehmonlar esa kompaniya xususiylashtirish borasida xorijiy davlatlarda amalga oshirgan muvaffaqiyatli loyihalar xususida to‘xtalib o‘tishdi, to‘plangan ilg‘or tajriba bilan o‘rtoqlashishdi. Xalqaro moliyaviy bozorga chiqish, xorijiy investorlarni jalb etish yuzasidan o‘z xizmatini taklif qildi.
Shuningdek, davlat ulushiga ega kompaniyalar vakillari mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
– So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan xususiylashtirish jarayoniga, ya’ni davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish, xususiy mulkdorlar va xorijiy investorlar safini kengaytirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, – dedi vazirlik departamenti direktori Akrom Aliyev. – Qayd etish o‘rinli, joriy yil 24 martda davlat aktivini boshqarish bo‘yicha yangi xususiylashtirish dasturi tasdiqlandi. Hujjatda uch yo‘nalish – aksiya sotish, ko‘chmas mulk va IPO tashkil etish faoliyati belgilandi.
Tadbir yakunida Toshkent shahrida “Franklin Templeton” kompaniyasi ofisini ochish, shuningdek, milliy investitsiya fondini tashkil etish bo‘yicha ishni faollashtirishga kelishib olindi.
Hozir “Franklin Templeton” yangi tashkil etilgan fondga kiritilishi taklif etilayotgan yirik davlat kompaniyalari faoliyatini o‘rganmoqda. Transformatsiya va qayta qurish jarayoni samaradorligini ta’minlash uchun Singapur kompaniyasi O‘zbekistonga yuqori malakali mutaxassislarni yuborishi bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.
1947 yil Nyu-Yorkda tashkil etilgan global investitsiya kompaniyasi - “Franklin Templeton” kapital va aktivlarni boshqarish yo‘nalishida faoliyat olib boradi. 30 mamlakatda 100 dan ortiq ofisga ega ushbu kompaniya tomonidan boshqariladigan aktivlarning umumiy qiymati 1.4 trillion dollardan oshadi.
Go‘zal Sattorova,
Davron Ernazarov (surat),
O‘zA