Toshkentda 3 oyda 32,4 ming nafar chiptasiz yo‘lovchi jarimaga tortildi
2026-yilning yanvar–mart oylari davomida Toshkent shahri avtobuslarida yo‘l haqini to‘lamagan 32,4 ming nafar yo‘lovchiga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Bu haqda Transport nazorati inspeksiyasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, inspeksiya xodimlari «Toshkent shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish» davlat muassasasi bilan hamkorlikda jamoat transportida muntazam reyd tadbirlarini o‘tkazmoqda. 2026-yilning dastlabki uch oyida jami 32 ming 450 ta qoidabuzarlik holati aniqlanib, ular bo‘yicha ma’muriy choralar ko‘rilgan.
Qayd etilishicha, avtobuslarda to‘lov tizimi hamda inspektorlar faoliyati raqamlashtirilgan. Shuningdek, ayrim yo‘nalishlarda kuchaytirilgan nazorat joriy etilgan. Yil boshidan buyon 28 ta avtobus yo‘nalishida tekshiruvlar o‘tkazilib, natijada elektron to‘lovlar soni oshgani qayd etilgan.

Inspeksiya yo‘lovchilarni jamoat transportidan foydalanishda belgilangan qoidalarga rioya qilish va yo‘l haqini o‘z vaqtida to‘lashga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida 11 ming 502 nafar, fevral oyida esa 10 ming 280 nafar yo‘lovchi avtobusda chiptasiz harakatlangani uchun jarimaga tortilgan.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasiga muvofiq, jamoat transportida yo‘l haqini to‘lamagan yo‘lovchiga BHMning 1/10 qismi — 41 ming 200 so‘m miqdorida jarima qo‘llaniladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, chiptasiz yurish uchun jarima qo‘llash amaliyoti 2025-yil 14-martdan boshlangan. Shuningdek, 2025-yilda Toshkent shahrida avtobuslarda yo‘lovchi tashishdan tushgan daromad 16 foizga oshib, 644 milliard so‘mni tashkil etgan. Avtobuslar harakat intervali 18–20 daqiqadan 8–10 daqiqagacha qisqargan, kunlik yo‘lovchilar soni esa 650 mingdan 1,4 million nafargacha oshgan.
Sh.Mamaturopova, O‘zA