Toshkentda 1 milliard so‘mlik tibbiy jihozlar noqonuniy olib kirilishi fosh qilindi
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tezkor xodimlari qiymati 1 milliard so‘mdan ortiq tibbiy jihozlarning noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘ydi.
Xitoydan poytaxtdagi mas’uliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga yuborilgan tibbiy jihozlarning faktura qiymati hujjatlarga ko‘ra 5,4 ming AQSH dollari, netto vazni esa 132,5 kg. deb ko‘rsatilgan. Aslida esa holat boshqacha bo‘lib chiqdi.

Bojxona xodimlari yuklarni bojxona ko‘rigidan o‘tkazganida hujjatlardagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi aniqlandi. Deklaratsiyada jami 5 ming 400 dona deb ko‘rsatilgan stomatologik buyumlar aslida 82 ming 500 dona ekani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, yuklar orasida hujjatlarda umuman qayd etilmagan qo‘shimcha 30 ta komplekt stomatologik jihozlar ham borligi aniqlangan.

Ashyoviy dalil sifatida olingan tibbiy jihozlarning dastlabki qiymati 1 milliard 40 million so‘mni tashkil qildi. Holat yuzasidan hozirda tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA