Toshkent yoshlari 5 tashabbusda birlashdi
Toshkent shahar hokimligi tomonidan yoshlar uchun katta tadbir – Toshkent 5 tashabbus harakati tashkil etildi. Bugun erta tongdan poytaxtimizdagi Yoshlar Ijod saroyi va O‘zbekiston Milliy kutubxonasida ushbu yirik tadbirning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
21 maydan 25 mayga qadar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan tadbir doirasida madaniy va intellektual tanlovlar, sport musobaqalari, mediatreninglar, odamlar bilan uchrashuvlar va boshqa tadbirlar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Dasturning yorqin voqealari sifatida “Tashkent Dance Fest” va “Tashkent Voice Fest” raqs hamda vokal tanlovlarini aytish mumkin. Unda faol va iste’dodli yigit-qizlar musobaqalashadi. Bu tanlovlar bo‘yicha oldindan onlayn saralash o‘tkazilgan, vokal ijro tanlovi qatnashchilari esa qo‘shimcha ravishda jonli eshituvga ham taklif qilinib, 200 nafar nomzoddan 30 ishtirokchi qoldi. Tadbir doirasida shuningdek, mashhur «Zakovat» intellektual o‘yini ham bo‘lib o‘tadi.

Toshkent 5 tashabbus harakati uchun bunyod etilgan shaharcha hududida maxsus devorlar qurilgan bo‘lib, unda yosh rassomlar “Street Art” tanlovi g‘olibligi uchun ijodkorlik mahoratini namoyish etadi. Tadbirning barcha mehmonlari o‘zlariga yoqqan surat uchun ovoz berishi mumkin.
Sport ixlosmandlari uchun futbol, “Street Ball”, stol tennisi, armrestling va “Street Workout” bo‘yicha musobaqalar tashkil etiladi. Bundan tashqari, yoshlar o‘rtasida zamonaviy beshkurash qoidalari asosida Laser run musobaqasi bo‘lib o‘tadi, qolaversa, tadbir hududida skeyter va rollerlar uchun skeyt-park ham barpo etiladi.
Yosh IT-mutaxassislar o‘z bilim va ko‘nikmalarini «ProjectX» ideatoni va “Tashkent Cyber Cup-2021»da namoyon etishi mumkin. Eng yaxshi startap tadbir homiylari tomonidan moliyalashtiriladi.
Faol, zamonaviy va maqsad sari intiladigan qizlar uchun Ayollar netvorkingi haftaligi o‘tkaziladi. Unda jamoalar 4 yo‘nalish: ilm-fan va texnologiyalar (STEM), biznes, ijtimoiy soha va “Art” bo‘yicha loyihalarni taqdim etadi. Bir vaqtning o‘zida o‘quv treninglari, spikerlar chiqishlari va boshqalar ham bo‘lib o‘tadi. Taqdimotlar yakunlariga ko‘ra g‘olib jamoa aniqlanadi.

Toshkent 5 tashabbus harakati mehmonlari uchun ham ko‘plab tadbirlar rejalashtirilgan. Ular mediatreninglar, vazirlar, mashhur jurnalistlar, yozuvchilar, blogerlar, vaynerlar bilan uchrashuvlar, qo‘lda yasalgan buyumlar yarmarkasi va modalar namoyishiga tashrif buyurishi mumkin.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA