Toshkent viloyatining qisqa xabarlari
“Navoiy” chegara bojxona postida Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi mas’ul xodimlari tomonidan “Biz odam savdosiga qarshimiz!” shiori ostida targ‘ibot-profilaktika tadbiri o‘tkazildi.
Asosiy maqsad xorijga yo‘l olayotgan fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularni turli firibgarlik va aldovlar oqibatida odam savdosi qurboniga aylanib qolish xavfidan ogohlantirishdan iborat bo‘ldi. Xususan, “Navoiy” chegara bojxona posti orqali kuniga o‘rtacha 30–35 ming nafar yo‘lovchi o‘tadi. Ularning aksariyati qo‘shni davlatlar hamda ular orqali uzoq xorij mamlakatlariga mehnat migratsiyasi maqsadida yo‘l oladi.
Tadbir davomida fuqarolarga odam savdosi qurboniga aylanib qolishning oldini olish, xavfli vaziyatlarda qanday harakat qilish bo‘yicha tavsiyalar, zarur aloqa raqamlari hamda huquqiy maslahatlar aks ettirilgan flayerlar tarqatildi.
***
Nurafshon shahrida yangi, zamonaviy sport maydonchasi foydalanishga topshirildi. Ochilish marosimida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, faollar, mahalla jamoatchiligi hamda yoshlar ishtirok etdi.

Yangi sport maydonchasi mahalla aholisining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, yoshlarni sportga keng jalb qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va iqtidorli sportchilarni saralab olish uchun muhim imkoniyat yaratadi.
Tadbir davomida ushbu maskanda har shanba kuni turli sport turlari bo‘yicha ommaviy sport musobaqalari, sog‘lomlashtirish tadbirlari va yoshlar o‘rtasida bellashuvlar o‘tkazib borilishi belgilandi. Bunday ezgu tashabbuslar mahallalarda sport infratuzilmasini rivojlantirish, yosh avlodni jismonan barkamol etib tarbiyalash hamda aholining sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun yanada keng imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
***
Toshkent viloyatida bozorlar faoliyatini zamonaviy talablar asosida tashkil etish, ularni raqamlashtirish va hududlarda jamoat tartibini saqlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Shu maqsadda viloyat hokimligi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, soliq va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish tuzilmalari, “Toshvilbozorsavdo” uyushmasi, sun’iy intellekt yo‘nalishidagi mutasaddilar hamda tuman-shahar hokimlaridan iborat guruh Toshkent shahrida bo‘lib, poytaxtdagi bozor va savdo majmualarida joriy etilgan ilg‘or tajribalarni o‘rgandi. Jarayonda bozor va savdo majmualarini raqamlashtirish orqali ularning faoliyatini yanada shaffof va samarali tashkil etish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish, shuningdek, bozor hududlarida jamoat tartibini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi.
Ayniqsa, bozorlarda tartib-intizomni mustahkamlash, mavjud muammolarni tezkor aniqlash va bartaraf etish, nazorat mexanizmlarini zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etish bo‘yicha ijobiy tajribalar mutasaddilarning e’tiborini tortdi.
A.Musayev,O‘zA