Toshkent viloyatida zamonaviy baholash markazi ish boshladi
Toshkent viloyatida bilim va malakani baholash jarayonlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etishga xizmat qiladigan yangi hududiy markaz foydalanishga topshirildi.
Bilim va malakalarni baholash agentligining viloyatdagi yangi binosi zamonaviy infratuzilma asosida barpo etilgan bo‘lib, test sinovlarini ochiq, shaffof va yuqori sifatda o‘tkazish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.

Markazda qog‘oz shaklida o‘tkaziladigan test sinovlarida bir vaqtning o‘zida qariyb 1200 nafar abituriyent, o‘quvchi va pedagog ishtirok etishi mumkin. Shuningdek, kompyuter texnologiyalari asosida tashkil etiladigan test sinovlari uchun 150 o‘rinli alohida zal ham zamonaviy texnika va axborot-kommunikatsiya vositalari bilan jihozlangan.
Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Shukur Burhonov markazda bo‘lib, yaratilgan shart-sharoitlar, test sinovlarini tashkil etish tizimi hamda texnik imkoniyatlar bilan tanishdi.

Qayd etilganidek, joriy yildan boshlab Toshkent viloyati abituriyentlari oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarini ilk bor ushbu zamonaviy markazda topshiradi. Bu imtihonlarning shaffofligi va adolatliligini ta’minlash, ishtirokchilar uchun yanada qulay shart-sharoit yaratishga xizmat qiladi.
Zamonaviy baholash markazi yoshlarning bilim va salohiyatini xolis baholash, ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan muhim infratuzilma ob’ektlaridan biri hisoblanadi.
A.Musayev,O‘zA.