Toshkent viloyatida kasb ko‘rgazmasi o‘tkazildi
Mamlakatimizda yoshlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb-hunarlarga yo‘naltirish va tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Xususan, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash, ularni salohiyatli ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotga jalb etish borasida hududlarda tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda tashkil etilayotgan mehnat yarmarkalari va kasb ko‘rgazmalari yosh mutaxassislarning o‘z iqtidorini ro‘yobga chiqarishiga xizmat qilayotgan amaliy maydonga aylanmoqda.
Toshkent viloyati talabalari uchun Toshkent davlat agrar universitetida o‘tkazilgan “Kelajak tadbirkori – 2026” kasb ko‘rgazmasi ham aynan aholi bandligini ta’minlash, yoshlarni kasbga yo‘naltirish hamda ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratildi. Mazkur tadbir ko‘plab ish beruvchilar, talaba-yoshlar va ish izlayotgan fuqarolarni bir maydonga jamladi.
Ko‘rgazmada jami 105 nafar ish beruvchi tadbirkor ishtirok etib, ular tomonidan 1 091 ta bo‘sh ish o‘rni taklif qilindi. Tadbirga tashrif buyurgan talaba-yoshlar va ishsiz fuqarolar soni esa 10 972 nafarni tashkil etdi.
Ko‘rgazma natijalariga ko‘ra, 681 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi. Shuningdek, 244 nafar talaba-yosh va ishsiz fuqaro kasbga yo‘naltirildi. Bu esa tadbirning aholini ish bilan ta’minlash, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarni tanlashga ko‘maklashish borasidagi amaliy ahamiyatini ko‘rsatadi.
“Kelajak tadbirkori – 2026” kasb ko‘rgazmasi ish beruvchilar va ish izlovchilar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot berish hamda yoshlarning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun muhim imkoniyat yaratdi.
[gallery-32186]
Xulosa qilib aytganda, bunday keng qamrovli kasb ko‘rgazmalari va mehnat yarmarkalari yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish, tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishini oshirish va hududda yangi iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirishda muhim o‘rin tutadi. Muhimi, bu kabi tashabbuslar bitiruvchi yoshlarning mehnat bozoriga ishonch bilan kirib borishi va o‘z kelajagini yurt taraqqiyoti bilan bog‘lashiga mustahkam zamin yaratadi.
Kamola Yusupova, O‘zA