Toshkent viloyatida eksport hajmi oshmoqda
Toshkent viloyatida 730 dan ziyod eksportyor korxonalar faoliyat yuritmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda 60 million dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, 21 million dollarlik qurilish mollari, 1,1 million dollarlik oyoq kiyimlar va charm mahsulotlari, 117 million dollari hisobidagi trikotaj va ip-kalava mahsulotlari xorijga eksport qilindi.
Toshkent viloyati investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning yanvar-may oylari davomida viloyat eksport shtabi tomonidan 23 ta korxonalarning elektr energiyasi va gaz ta’minoti yuzasidan kelib tushgan murojaatlari o‘rganilib, amaliy yordam berildi.
Shuningdek, 40 dan ortiq eksportyorlarga aylanma mablag‘larini olishga yordam berilgan bo‘lsa, 81 nafar tadbirkorlarga QQS qaytarildi. Eksport shtabi tarmoq vakillari jami 12 ta korxonaga sertifikatlashtirish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatildi.
Viloyat eksport salohiyatini yanada oshirish maqsadida 50 dan ortiq eksportyor korxonalarning tijorat takliflari ingliz va rus tillarida tayyorlanib, belgilangan tartibda xorijiy hamkorlar va munosib xaridorlarni izlab topishda amaliy yordam berish uchun Respublika Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekistonning xorijdagi konsulliklari va elchixonalari, Investitsiya va tashqi savdo vazirligi Eksportni rag‘batlantirish agentligiga yuborildi. Tadbirkorlar va eksportyor korxonalarning muammolariga o‘z vaqtida yechim topilishi va amaliy ko‘mak berilishi natijasida eksport hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 137 foiz oshishiga erishildi.
O‘z navbatida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirish reja prognozi 96,5 million dollar belgilangan bo‘lsa, amalda 409 million yoki 114 foizga bajarildi. Bu ko‘rsatkichlar 98 ta loyiha hissasiga to‘g‘ri keladi. Bunda o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar ulushi Xitoyga 38 foiz, Turkiyaga 5 foiz, Rossiyaga 12 foiz va shu kabi boshqa davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
A.Musayev, O‘zA