Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
“Farhod” chegara bojxona posti orqali mamlakatimizdan chiqib ketish maqsadida harakatlangan fuqaroning boshqaruvidagi “Elektroskuter” transport vositasi bojxona nazoratidan o‘tkazildi.
Nazorat jarayonida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan, sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari mavjud bo‘lmagan 4 ming 464 dona parfyumeriya mahsuloti aniqlandi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu mahsulotlarning qiymati 177 million so‘mni tashkil etgan.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
***
Bola salomatligi — jamiyat kelajagini belgilaydigan muhim omillardan. Shu bois bolalarda uchraydigan kasalliklarni barvaqt aniqlash, o‘z vaqtida davolash va og‘ir asoratlarning oldini olishga qaratilgan tibbiy ko‘riklarning ahamiyati katta.
Bekobod tumanida Bolalar milliy tibbiyot markazi mutaxassislari ishtirokida tashkil etilgan keng qamrovli tibbiy ko‘riklar davomida 100 nafardan ortiq bola chuqur tekshiruvdan o‘tkazildi. Jarayonda tug‘ma yurak nuqsoni aniqlangan bolalarning har biri bo‘yicha individual davolash choralari belgilandi. E’tiborli jihati, murakkab holatlar bo‘yicha zarur tibbiy yordamni aholiga yaqinlashtirish maqsadida hududning o‘zida bir nafar bolaga murakkab kardiojarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Natijada undagi tug‘ma yurak nuqsoni bartaraf etildi.

Qolgan bemorlarga ham tibbiy ko‘rsatmalar asosida zarur jarrohlik amaliyotlari amalga oshiriladi. Mazkur ishlar Bolalar milliy tibbiyot markazi hamda viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutaxassislarining o‘zaro hamkorligi asosida olib borilmoqda.
***
Ohangaron tumanida 2027-yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ishlarini oldindan tashkil etish, xususan, bog‘ va tokzorlar qator oralaridan samarali foydalanib, to‘qsonbosti ekinlarini yetishtirishga e’tibor qaratilmoqda.

Shu maqsadda fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirokida amaliy seminar o‘tkazildi. Unda ekinlarni qator oralariga o‘z vaqtida joylashtirish, sifatli urug‘lik tanlash, ekish muddatlariga rioya qilish va zarur agrotexnik tadbirlarni sifatli bajarish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, qator oralaridan foydalanishda bog‘ va tokzorlar rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydigan ekinlarni tanlash, suv va ozuqa resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
A.Musayev,O‘zA