Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Toshkent viloyati Xalq qabulxonasida sanoat korxonalarida energiya samaradorligini oshirish, energiya auditini tashkil etish hamda energiya auditi tadbirlarini moliyalashtirish uchun ajratilgan kreditlar bo‘yicha foiz stavkasining bir qismini qoplash mexanizmlariga bag‘ishlangan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Unda sanoat korxonalariga energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, energiya auditini o‘tkazish tartibi, davlat tomonidan taqdim etilayotgan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi hamda energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha ilg‘or tajribalar va amaliy tavsiyalar yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi. Uchrashuvda Toshkent viloyati hokimining sanoat bo‘yicha o‘rinbosari R.Kunarov, Energiya samaradorligi milliy agentligi, Savdo-sanoat palatasi mutasaddilari, oliy ta’lim muassasalari vakillari, soha ekspertlari, sanoat korxonalari rahbarlari va tadbirkorlar ishtirok etdi.

Yakunda ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va savollar muhokama qilinib, energiya samaradorligini oshirish hamda mavjud imtiyoz va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlaridan samarali foydalanish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
***
Toshkent viloyati prokurori A.Mirzayev raisligida kengaytirilgan hay’at majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat prokuratura organlarining 2026-yilning 1-yarim yilligidagi faoliyati natijalari tanqidiy muhokama qilindi.

Joriy yilning o‘tgan davrida 9 mingdan ortiq prokuror nazorati hujjatlarini qo‘llash orqali 26 ming nafarga yaqin fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklangani ta’kidlandi. Tekshirishlar va dastlabki tergov davomida aybdor shaxslardan fuqarolarga va davlat manfaatlariga yetkazilgan 22 milliard so‘mlik zarar undirilgan. Hay’at yig‘ilishida prokurorlar tomonidan hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy va maishiy sohalarda yig‘ilib qolgan muammolarni hal etish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, jazo muqarrarligini ta’minlash va boshqa dolzarb yo‘nalishlarda amalga oshirilgan ishlar va mavjud muammolar muhokama qilindi.
***
Nurafshon shahrida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Valyutani tartibga solish va nazorat qilish departamenti mutaxassislari ishtirokida o‘quv seminari tashkil etildi. Asosiy e’tibor hududda faoliyat yuritayotgan tijorat banklarining mas’ul xodimlari hamda tadbirkorlar uchun valyuta qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartishlar to‘g‘risida tushunchalar berildi.

Shuningdek, valyuta konvertatsiyasi imkoniyatlarini kengaytirish hamda shikastlangan va yaroqsiz xorijiy valyutalarni bank kassalariga qabul qilish tartibi bo‘yicha davra suhbati o‘tkazilib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob berildi.
A.Musayev,O‘zA