Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
"Hududgaz Toshkent" gaz ta’minoti filialida ishchi-xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ular uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish masalasi doimiy diqqat markazida.
Qibray tumanida bo‘lib o‘tgan navbatdagi mehnat jamoasi konferensiyasi aynan shu maqsadga qaratildi. Unda filialning shahar va tuman gaz ta’minoti bo‘limlaridan saylangan 28 nafar a’zosi hamda soha mutasaddilari qatnashdi.
Tadbir davomida filial ma’muriyati va boshlang‘ich kasaba uyushmasi qo‘mitasining o‘tgan davrda amalga oshirgan ishlari bo‘yicha hisobotlari tinglandi. Muhokamalardan so‘ng, qatnashchilar tomonidan jamoa shartnomasi bandlarining bajarilishi bir ovozdan "qoniqarli" deb baholandi. Ta’kidlanganidek, xodimlarning huquqiy va iqtisodiy manfaatlari to‘liq ta’minlangan.
Tadbir davomida kelgusi rejalar ham belgilab olindi. Xususan, gaz ta’minoti bo‘limlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni rivojlantirish, xodimlar uchun yurtimizning tarixiy joylariga ekosayohatlar tashkil etish hamda sport tadbirlari orqali sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga alohida urg‘u berildi.
***
Toshkent davlat agrar universiteti tomonidan joriy etilgan “Yangi agronom” tizimi doirasida nazariy bilimlar bevosita dala sharoitida amaliyot bilan mustahkamlanmoqda.
Mazkur tizim asosida universitet ishchi guruhi hamda talabalar Yuqori Chirchiq tumanidagi dalalarda chigit ekishning zamonaviy agrotexnologiyalarini o‘rgandi. Xususan, talabalar “Shinjon” usulida, 76×10 sxema asosida chigitni plyonka ostiga qo‘shqatorlab ekish jarayonida ishtirok etdi.
Ushbu texnologiya tuproq namligini saqlash, haroratni barqaror ushlab turish hamda begona o‘tlarni kamaytirish orqali yuqori hosildorlikka erishishga xizmat qiladi. Shuningdek, jarayon to‘liq tomchilatib sug‘orish tizimi bilan integratsiya qilingani resurslardan oqilona foydalanish imkonini bermoqda.
Mazkur yondashuv orqali talabalar nazariy bilimlarini mustahkamlash bilan birga, zamonaviy agrotexnologiyalarni amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalarini ham egallamoqda.

***
Chirchiq shahrida joylashgan Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida sportning dzyudo turi bo‘yicha kichik o‘smirlar (2012 hamda 2013–2014-yillarda tug‘ilgan o‘g‘il va qiz bolalar) o‘rtasida Toshkent viloyati turniri bo‘lib o‘tdi.
Mazkur musobaqada viloyatning turli hududlaridan kelgan yosh dzyudochilar ishtirok etib, o‘z mahoratlarini namoyish etdi. Bellashuvlar davomida ishtirokchilar texnika, tezkorlik va matonat borasida o‘zaro kuch sinashib, murosasiz bahslar olib bordi.


Turnir yakunida g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, ular diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Ushbu musobaqa yoshlar o‘rtasida dzyudo sport turini ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni saralab olish hamda ularni kelgusida yuqori bosqich musobaqalariga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
A. Musayev, O‘zA