Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Qibray tumani Bo‘zsuv sohilidagi so‘lim maskanda Nuroniylar markazi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali marosimda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, tuman faollari, nuroniylar va yoshlar, ziyolilar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Barcha birgalikda binoda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Maskan to‘liq homiylik asosida qayta bunyod etilib, nuroniylar uchun barcha sharoitlarga ega manzilga aylandi. Xususan, trenajyor zali, kutubxona, ma’rifat xonasi, oshxona, "Buvijonlar maktabi" va maslahat-anjumanlar zali keksalar ixtiyorida. Nuroniy jamg‘armasi tuman bo‘limi boshqaruvi ham aynan shu majmuaga joylashtirildi. Ayni paytda viloyatning 22 ta hududida mana shunday Nuroniylar maskani ishlab turibdi.

***
Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar doimiy nazoratga olingan.
Xususan, joylarda ekilgan daraxtlarni muntazam sug‘orish tizimini takomillashtirish, jumladan, suv tejamkor texnologiyalardan samarali foydalanish maqsadida A-373 xalqaro avtomobil yo‘lining Ohangaron tumani hududidan o‘tgan 21-45 kilometr qismida jami 20 ta tik quduq qazish hamda tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish ishlari joyiga chiqib o‘rganildi.
Unda mas’ul tashkilotlarga quduqlarni belgilangan muddatlarda sifatli tarzda foydalanishga topshirish, shuningdek, tomchilatib sug‘orish tizimini to‘liq va samarali yo‘lga qo‘yish orqali sug‘orish samaradorligini oshirish yuzasidan aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.


***
Ohangaron tumanida investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan navbatdagi muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda tumani hokimligi, Boshqaruv samaradorligi agentligi, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi vakillari, shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasining nufuzli agrosanoat xolding “Anyou Biotechnology Group” kompaniyasi vakillari qatnashdi.
Tomonlar o‘rtasida Ohangaron tumani hududida baliqchilikka ixtisoslashgan yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish masalalari yuzasidan dastlabki muzokaralar olib borildi. Loyiha doirasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, yuqori samaradorlikka erishish hamda sohada yangi ish o‘rinlari yaratish kabi masalalar muhokama markazida bo‘ldi.


Xorijlik hamkorlar ham Ohangaron tumanida mazkur loyihani amalga oshirishga qiziqish bildirib, o‘z tajribasi va texnologiyalarini joriy etish orqali o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanini ta’kidladi. Yakunda loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish va amaliy hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab olish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
A. Musayev, O‘zA