Toshkent viloyati: qishga tayyorgarlik
Sovuq kunlar yaqinlashavergani sari joylarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari boshlanadi. Vaqt g‘animat. Ayniqsa, kommunal tizim tarmoqlarida barcha nosozliklarni aniqlash va bartaraf etish, oldinda turgan mavsumni betashvish o‘tkazish muhimdir.
Shu maqsadda iste’molchilarni muntazam ravishda tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlashda “Hududgaz Toshkent” GTF tomonidan Toshkent viloyatidagi 639 ming 734 ta aholi xonadonlariga tabiiy gaz yetkazib berilmoqda. Joylarga tabiiy gazni bir me’yorda hamda betalofot yetkazish bo‘yicha filial tomonidan 2022-2023 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari boshlangan. Joriy yilda tuman-shaharlardagi 8 ming 886 dona gaz taqsimlash qurilmasini texnik taftishdan o‘tkazish, 25 dona gaz taqsimlash qurilmasini mukammal ta’mirlash, 851 kilometr gaz quvurlarini tartibga keltirish hamda bo‘yoqlash, shuningdek, 962 kilometr yer osti gaz quvurlarini maxsus asboblar yordamida tekshirish, 2731 kilometr gaz quvurlarini bosim ostida sinash va tozalash ishlari rejalashtirilgan edi.

Xususan, 1 sentyabr holatiga ko‘ra, 6 ming 315 dona GTQ (gaz taqsimlash qurilmasi) texnik taftishdan o‘tkazildi. Bu yillik rejaga nisbatan 72 foizga ish oxiriga yetkazildi deganidir. Bundan tashqari, 730,9 kilometr gaz quvurlari maxsus asboblar yordamida tekshirildi va yillik rejaga nisbatan ishlar 76 foizga yakunlandi. Ayniqsa, ayrim gaz quvurlari havo bosimi ostida tekshirilib, qaytadan tozalanmoqda. Bu orqali kelgusida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan avariya holatlari oldi olinadi. Shu bilan birga, ishchilar tomonidan gaz quvurlari mos ranglarga bo‘yoqlanmoqda. Barcha hududlarda bu boradagi ishlar davom etmoqda. O‘z navbatida iste’molchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida aholi endi belgilangan muddatda o‘z ID -kartalari orqali bir oyda ikki marotaba suyultirilgan gaz olishi mumkin. Bu jarayonda suyultirilgan gaz tashish transport vositalari texnik xavfsizligi ta’minlanayotir. Maishiy ballonlarning yaroqliligi nazorat qilinmoqda.
A.Musayev,
O‘zA.