Toshkent viloyati hokimi kubogi
Mazkur ot poygasi ishtirokchi otlarning yoshi va ular musobaqalashadigan poyga masofasiga koʻra 8 yoʻnalishda tashkil etildi.
Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanida joylashgan “Oʻzbegim otlari” ot zavodiga qarashli otchoparda mustaqilligimizning 29 yilligiga bagʻishlab ot poygasi boʻyicha Toshkent viloyati hokimi kubogi oʻtkazildi.
Musobaqada Toshkent viloyatining barcha hududlaridan sportchilar hamda qoʻshni Turkmanistondan kelib hamyurtlarimiz bilan birgalikda oʻquv-yigʻin mashgʻulotlarida ishtirok etayotgan chavandozlar ham ishtirok etdi. Mazkur ot poygasi ishtirokchi otlarning yoshi va ular musobaqalashadigan poyga masofasiga koʻra 8 yoʻnalishda tashkil etildi.
“Oʻzbegim otlari” ot zavodida tarbiyalanayotgan bir yarim va ikki yoshli toza qonli ingliz otlari ilk bor musobaqada sinovdan oʻtkazildi. Otlarning debyuti xalqaro toifadagi sportchi chavandozlar va mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.
– Bu kabi turnirlar orqali xalqaro nufuzli musobaqalar uchun yetakchi chavandozlar va chopqir otlarni saralab olamiz, – deydi Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisining oʻrinbosari – bosh kotibi Kamol Xudoyberdiyev. – Qolaversa, ichki musobaqalarga yon qoʻshni davlatlardan chavandozlarni taklif etganmiz. Ular bilan birgalikda oʻquv-yigʻin mashgʻulotlari oʻtkazilmoqda. Bu esa sportchilarimizning ulkan tajriba toʻplashida yordam bermoqda.