Toshkent viloyati delegatsiyasi Polshada
Shu kunlarda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya, bir guruh tadbirkorlar Polsha Respublikasi poytaxti Varshava shahrida bo‘lib turibdi.
Dastlab delegatsiya vakillari o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan o‘zbek-polyak iqtisodiy forumida ishtirok etdi. Unda mamlakatlararo va millatlararo hamkorlikning shonli tarixi, o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish borasida so‘z bordi.



Zoyir Mirzayevning Polshaning Mazoviya provinsiyasi rahbari Adam Struzik bilan tor doiradagi muloqoti bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasining Polshadagi
Favqulodda va muxtor elchisi Amirsaid Agzamxodjayev ham ishtirok etdi. Tomonlar o‘zaro aloqalarni tubdan yaxshilash borasida ikki tomonlama manfaatli takliflar borasida hamfikr ekanligini bildirdi.



Toshkent viloyati delegatsiyasi polshalik mahalliy tadbirkorlar bilan bir qator samarali muloqot, muzokara olib bordi. O‘zbek-polyak iqtisodiy forumidan so‘ng V2V, G2B formatda ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi. Kelgusida ishlab chiqarish tarmoqlarining turli yo‘nalishlarida Toshkent viloyatiga ham investitsiya jalb qilish borasida kelishib olindi.


Zoyir Mirzayev Polshadagi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan vatandoshlarimiz bilan suhbatlashdi. Unda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, O‘zbekiston bilan iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlash va kichik biznes sub’ektlarini qiynayotgan bir qator masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. Hamkorlikda yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar tinglandi.
A.Musayev,O‘zA muxbiri