Toshkent tumanida xavfsizlik ishlari tahlil qilindi
Davlatimiz rahbari tomonidan aholi osoyishtaligini ta’minlash yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Milliy gvardiya qo‘mondoni boshchiligidagi ishchi guruh Toshkent tumanida o‘rganish ishlarini olib bordi.
Tashrif davomida hamkorlikdagi xizmat faoliyati hamda hududlarda xavfsizlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi.
Dastlab ishchi guruh Toshkent tumanida joylashgan “Green University” faoliyati bilan tanishdi. Ushbu ta’lim maskani respublikamiz va Markaziy Osiyoda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishi hamda havo musaffoligini ta’minlash yo‘nalishida muhim ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirmoqda. Mutaxassislar tomonidan havo ifloslanishining oldini olish va ekologik muammolarni o‘rganish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Zero, poytaxtga tutash Toshkent tumani havo musaffoligini saqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shundan so‘ng ishchi guruh tumanning Qashqarlik mahallasiga tashrif buyurdi. Bu yerda mahalladagi ijtimoiy muhit, kichik tadbirkorlik sub’ektlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, xavfsizlikni ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishildi. Fuqarolar bilan muloqot davomida ularning murojaat va takliflari tinglanib, aniqlangan masalalarni hal etish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Uchrashuvda “mahalla yettiligi”ning faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Yoshlar bandligini ta’minlash, ularni sport va sog‘lom turmush tarziga jalb etish, xotin-qizlar bilan ishlash, jinoyatchilikning oldini olish hamda aholini ish bilan ta’minlash kabi masalalar yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi. Bu yo‘nalishlarda mahallalarga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatilishi ta’kidlandi.

Mahalla binosi oldida barpo etilgan vorkaut maydonchasida yosh sportchilar bilan muloqot qilindi. Ular uchun yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi.
— Mahallamizda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga katta e’tibor qaratyapmiz. Sport maydonchasida har kuni o‘nlab yoshlar shug‘ullanadi. Turli musobaqalar va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar orqali ularni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirishga harakat qilyapmiz. Bu kabi tashriflar biz uchun yanada katta mas’uliyat yuklaydi va ishimizni yanada takomillashtirishga undaydi, — deydi Qashqarlik mahallasi yoshlar yetakchisi Akramjon Mahamatjonov.
Shuningdek, tashrif davomida mahallaning fayzli muhitida nuroniylar bilan ham suhbat o‘tkazildi. Ular mahalladagi tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, yoshlarni tarbiyalashda keksalarning hayotiy tajribasi va maslahatlari muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA