Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarga munosabat bildirdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar perinatal markazida besh oylik (muddatidan oldin) tug‘ilgan chaqaloqni, ota-onasining qat’iy qarshiligiga qaramay, patologik-anatomik yorish rejalashtirilayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi ushbu holat yuzasidan quyidagilar ma’lum qildi:
“Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahar filialiga 2026-yil 28-sentabr kuni Yashnobod tumanida istiqomat qiluvchi, 1999-yilda tug‘ilgan homilador ayol O.S. murojaat qilgan.
Unga “Homiladorlik – 3, 23–24-hafta, tug‘uruq – 2. AAA (1 ta homila tushgan). Markaziy joylashgan yo‘ldoshning muddatidan oldin ko‘chishi” tashxisi qo‘yilgan. Shoshilinch ravishda ultratovush tekshiruvi o‘tkazilib, yo‘ldoshning muddatidan oldin ko‘chishi va homila distressi aniqlangan.
Qayd etilgan tashxisni inobatga olgan holda, ayol shoshilinch ravishda jarrohlik amaliyotiga olingan.
Yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi natijasida chuqur yetilmagan, intranatal davrda nobud bo‘lgan, vazni 670 gramm bo‘lgan o‘g‘il bola tug‘ilgan. Neonatologlar tomonidan chaqaloqqa reanimatsion choralar ko‘rilgan, biroq ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, chaqaloq nobud bo‘lgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019- yil 22-fevraldagi 3138-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Patologoanatomik tekshiruvlar o‘tkazish tartibi”ga muvofiq, barcha perinatal o‘lim holatlari to‘liq patologoanatomik tekshiruvdan o‘tkazilishi belgilangan.
Shu bilan birga, Sog‘liqni saqlash vazirining 2025-yil 23-iyundagi 180-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Autopsiya (vskrыtiye) o‘tkazish bo‘yicha milliy klinik protokol”ning 90-bandi “i” kichik bandiga muvofiq, 500 gramm va undan yuqori vaznda o‘lik tug‘ilgan bolalar holatida patologoanatomik yorishni bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, mazkur protokolning 110-111-bandlarida o‘lik tug‘ilgan bolalarni patologoanatomik yorish, to‘qima va a’zolarini to‘liq gistologik tekshiruvdan o‘tkazish hamda tekshiruv natijalarini patologoanatomik tekshiruv bayonnomasida aks ettirish tartibi belgilangan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, homila o‘limi sabablarini aniqlash, yo‘ldoshning muddatidan oldin ko‘chishi bilan bog‘liq patologik o‘zgarishlarni baholash, shuningdek, sud-tibbiy ekspertizasi doirasida xolis va to‘liq xulosa shakllantirish maqsadida homila murdasini patologoanatomik yorish hamda zarur gistologik tekshiruvlardan o‘tkazish lozim.
Shu munosabat bilan, mazkur holatda patologoanatomik yorish masalasi amaldagi milliy klinik protokol talablariga muvofiq hal etilishi zarur”, – deyiladi rasmiy munosabatda.
M.Qosimova, O‘zA