Toshkent megapolisi muammolariga yechim bormi? (+video)
Poytaxtimiz Toshkent shahrida nafaqat aholi, balki transport vositalari soni ham keskin ko‘paygani kuzatilmoqda.
Dunyodagi eng tez rivojlanayotgan davlatlardan biri bo‘lgan O‘zbekiston poytaxti yirik megapolisga aylanishi esa tabiiy hol, albatta.
Megapolis esa aholi, sayyohlar uchun muammolar maydoni emas, balki qulayliklar maskani bo‘lishi kerak. Ammo, Toshkent shahri keyingi yillarda tirbandliklar, nosoz yo‘llar bilan bog‘liq muammolar girdobiga tushib qolgani sir emas.
Xo‘sh, bu muammolarning yechimi bormi? Toshkent shahar hokimligida tashkil etilgan matbuot anjumanida shu savolga javob izlandi. Jurnalistlar hokimlikda tashkil etilgan Yo‘l harakatini tashkil etish markazi faoliyati bilan tanishdi.
– Toshkent tez sur’atlarda rivojlanmoqda, avtomobillar soni ko‘paymoqda, yo‘llarga tushayotgan yuklama oshmoqda, – dedi Toshkent shahar hokimining transport va yo‘l infratuzilmasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev. – Tirbandliklar, xavfsizlik masalalarini esa tizimli ravishda yechish zarur. Shu maqsadda mazkur markaz ochildi. Markazning asosiy faoliyati – transport oqimlarini aniqlash, tahlil qilish, harakatni tashkil etish sxemalarini takomillashtirish. Oddiy so‘z bilan aytganda, chorrahalarni qayta ko‘rib chiqish, ushbu chorrahalarda va yo‘llarning o‘zida yo‘l harakati xavfsizligini oshirish hamda transportni boshqarishda zamonaviy yechimlarga ustuvorlik berish. Bir so‘z bilan aytganda, bu “aql markazi” bo‘ladi.
Haqiqatan, yangi markazni bemalol “aql markazi” deb atash mumkin. Katta ekranlarda butun poytaxt ko‘chalaridagi transport harakatini bemalol kuzatish mumkin. Kuzatuv asnosida esa, qaysi yo‘lda qanday nosozlik borligi, qayerda tirbandlik bo‘layotgani yoki harakatga to‘siq bo‘layotgan omillar qayerlarda mavjudligi yaqqol ko‘zga tashlanadi.
[gallery-28105]
Eng muhimi, yangi tizim doirasida svetoforlar transport oqimining intensivligiga qarab avtomatik ravishda moslashadi. Maxsus kameralar va datchiklar chorrahadagi transport oqimini kuzatib boradi va zarur yo‘nalishlarda “yashil chiroq” vaqtini uzaytiradi.
Jamoat transportiga ustuvorlik berish mexanizmi ham joriy etilmoqda. GPS - monitoring orqali svetoforlar yaqinlashayotgan avtobusni aniqlaydi va unga ustuvor harakat imkonini beradi. Natijada avtobuslar bekatlarga tezroq yetib boradi va yo‘lovchilarning kutish vaqti qisqaradi.
Yo‘l-transport hodisalari bo‘yicha ma’lumotlar ham raqamlashtirilib, yagona xaritaga joylashtirilgan. Bu muhandislarga tirbandliklar va xavfli hududlarni oldindan aniqlash hamda harakat sxemasini takomillashtirish imkonini beradi.
Tadbirda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
«Poytaxt parking» tomonidan tor yo‘llar cheti ham parkovka uchun chizilayotgani, bu noqulaylik tug‘dirayotgani, hatto shifoxonalar oldida ham bu amaliyot joriy etilayotgani qanchalik to‘g‘ri?
Qon quyish markazi shifoxonasi atrofida ham bu yuz bergani qanchalik adolatli? Axir bu yerga hayot uchun kurashayotganlar keladi va ulardan ham foyda ko‘rish adolatdanmi?
Idora va tashkilotlar oldigacha pulli parkovkalar bo‘lishi kun bo‘yi ishlayotgan xodimlarni qiyin ahvolga solib qo‘ymaydimi? Nahotki, bu masalalarga optimal yechim topish shunchalik qiyin bo‘lsa?”
Mazkur savollarga quyidagicha javob berildi:
– «Poytaxt parking» bo‘yicha hozir chuqur o‘rganish olib borilmoqda, – dedi Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev. – Aynan shu shifoxonaning to‘g‘risidagi parkovkalar bo‘yicha ijobiy yechim topishga harakat qilinmoqda. Umuman, parkovkalar bo‘yicha siyosat faqat Toshkent shahrida emas, butun dunyoda mavjud. Bundan maqsad odamlarni jamoat transportiga keng jalb qilish. Qo‘pol bo‘lishi mumkin, lekin, shaxsiy avtomobilda yurishni qimmatroq qilishimiz kerak. Chunki, bizda shaxsiy avtomobilda yurish narxi juda past. Bu hatto taksida ham sezilishini xorijlik sayyohlar aytgan. Aksincha bo‘lsa, bu nimaga olib boradi? Albatta, tirbandlikka olib boradi. Bu mashinalar sonining shaharda ko‘payishiga olib boradi. Lekin biz parkovkaning narxini oshirish yoki shu tizimni yuritish tarafdori emasmiz. Parallel ravishda shu jamoat transportini rivojlantirish to‘g‘risida strategiyamiz bor. Kundan - kunga bizda jamoat transportidagi odamlar soni ham ko‘paymoqda. Qulayliklar ham yaratilmoqda.
Aytib o‘tish kerakki, tizimning uzluksiz ishlashi uchun bir necha darajadagi himoya mexanizmlari joriy etilgan. Aloqa uzilib qolgan taqdirda svetoforlar avtonom rejimda ishlashni davom ettiradi. Serverlar va aloqa kanallari zaxira tizimlar bilan ta’minlangan, zarurat bo‘lganda mutaxassislar jarayonga masofadan turib aralashishi mumkin.
Markaz tomonidan joriy etilayotgan intellektual transport tizimi poytaxt yo‘l tarmog‘ining “raqamli egizagi”ni yaratishga xizmat qiladi. Bu nafaqat tirbandliklarni kamaytirish, balki yo‘llarda harakat xavfsizligini oshirish, transport oqimini muvozanatli boshqarish va fuqarolarning yo‘lda sarflaydigan vaqtini qisqartirishga imkon beradi.
Hozirgi kunda tizimga 125 muhim chorraha ulangan. 2026-yilda 545 ob’ektni tizimga ulash rejalashtirilgan. Umuman olganda, Toshkent shahrida qariyb mingta svetoforli chorraha mavjud.
Tizimni boshqarish va tahlil qilish jarayonlarida 30 dan ortiq transport muhandislari, IT-tahlilchilar hamda xalqaro ekspertlardan iborat jamoa faoliyat olib bormoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur loyiha Toshkent shahrida zamonaviy, samarali va barqaror transport tizimini shakllantirish yo‘lida muhim qadamdir.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/lDCa4OOduAk" title="Toshkent megapolisi muammolariga yechim bormi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova,
Sarvar O‘rmonov (surat),
Doniyor Yoqubov (video),
Ulug‘bek To‘xtayev (montaj), O‘zA