Toshkent dunyoning eng yirik mingta shaharlari orasida 343-o‘rinni egalladi
Toshkent “Global Cities Index 2026” reytingida bir yil ichida 128 pog‘onaga ko‘tarilib, dunyoning 1 000 ta yirik shahri orasida 343-o‘rinni egalladi.
Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, iqtisodiyot bo‘yicha o‘sish ham yanada sezilarli natijalarni bermoqda. Poytaxt 558-o‘rindan 188-o‘ringa chiqdi.
Inson kapitali bo‘yicha natijalar ham aniqlandi. Toshkent bu yo‘nalishda 2024-yilda 136-o‘rinda, 2025-yilda 123-o‘rinda edi. Bu yil esa 108-o‘ringa ko‘tarildi. Uch yil ketma-ket yaxshilanayotgan bu ko‘rsatkich ortida shaharda yashayotgan va ishlayotgan insonlarning bilimi, ko‘nikmasi va salohiyati turibdi.
Toshkentdagi o‘zgarishlarni boshqa xalqaro tadqiqotlar ham qayd etmoqda. Boston Consulting Group’ning e’lon qilingan "Built to Change: How Cities Compete for the Future" tadqiqotida poytaxt o‘zgarishlar sur’ati bo‘yicha 80 ta shahar orasida Shenchjen va Ar-Riyoddan keyin uchinchi o‘rinni egalladi.
Iqtisodiy faollikdagi o‘zgarishlar sur’ati bo‘yicha esa birinchi bo‘ldi. Tadqiqot 200 dan ortiq ko‘rsatkich va 24 ming nafar shahar aholisining fikrini qamrab oladi.
-Bu raqamlar ortida har kuni o‘z ishini bajarayotgan odamlar bor, – dedi Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati rahbari Gulnoza Qosimova. – Bular o‘qituvchilar, shifokorlar, muhandislar, tadbirkorlar, shahar xizmatlari xodimlari, talabalar va yosh mutaxassislar. Toshkent ularning mehnati va tashabbusi bilan rivojlanmoqda. Shuning uchun shahar haqidagi qarorlar markazida ham inson turishi kerak. Oxford Economics Toshkentni Cities to Watch — kelgusidagi rivoji alohida kuzatib boriladigan shaharlar qatoriga kiritgani ham biz uchun katta e’tirof. Shu bilan birga, reytingdagi o‘rin odamlar kundalik hayotida ijobiy o‘zgarishni sezgandagina chinakam ahamiyat kasb etadi. Toza havo, qulay ko‘chalar va har bir tumandagi yashash sharoiti bo‘yicha hali qiladigan ishlarimiz ko‘p. Iqtisodiy o‘sish esa toshkentliklar uchun o‘qish, ishlash, biznes boshlash va farzandlarini ulg‘aytirishda kengroq imkoniyatlarga aylanishi kerak. Erishilgan natijadan birgalikda faxrlanishimiz mumkin. Endi bu o‘sish samarasini har bir toshkentlik his qilishi uchun ishlashda davom etamiz.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA