To‘qsonbosti: yerdan qo‘shimcha hosil olish imkoni
Yerdan bir mavsum emas, yil davomida unumli foydalanish qishloq xo‘jaligida qo‘shimcha mahsulot yetishtirishning muhim omillaridan biri. Boyovut tumanida o‘tkazilgan amaliy seminarda to‘qsonbosti ekinlarini ekish, ularni parvarishlash va bo‘sh yer maydonlaridan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Viloyatdagi AKIS — Agroxizmatlar markazida tashkil etilgan tadbirda fermer va dehqon xo‘jaliklari vakillari, tomorqa yer egalari hamda soha mutaxassislari ishtirok etishdi.
Seminarda kuzgi mavsumda piyoz va sarimsoqpiyoz ekish, shuningdek, to‘qsonbosti usulida sabzavot va ko‘katlar yetishtirishning muhim jihatlari tushuntirildi. Yerni ekishga tayyorlashdan tortib, urug‘lik tanlash, ekish muddati va me’yori, sug‘orish, o‘g‘itlash, begona o‘tlar hamda kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashishgacha bo‘lgan jarayonlar bo‘yicha tavsiyalar berildi.

To‘qsonbosti ekinlarini yetishtirishda eng muhim jihatlardan biri — ekish muddatini to‘g‘ri tanlash. Sovuq tushishi va namgarchilik boshlanishidan oldin sovuqqa chidamli ekinlarni ekish ularning bahorgi rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratadi. Sabzi, ko‘k piyoz, osh lavlagi, karam, ismaloq, ukrop, petrushka va kashnich kabi ekinlardan foydalanish mumkin.

— To‘qsonbosti ekinlaridan yuqori hosil olish, avvalo, yerni sifatli tayyorlash va ekish muddatiga rioya qilishdan boshlanadi. Hudud sharoitiga mos, sovuqqa chidamli urug‘lik tanlash, ekinlarni me’yorda sug‘orish va parvarishlash, begona o‘tlardan toza saqlash muhim. Zarur hollarda kasallik va zararkunandalarga qarshi himoya choralari ham o‘z vaqtida ko‘rilishi lozim.
Bu usul asosiy ekinlardan bo‘shagan maydonlar, bog‘ qator oralari va tomorqalardan samarali foydalanib, qo‘shimcha mahsulot va daromad olish imkonini beradi. Seminarda ishtirokchilarga mazkur jarayonlarni to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi, — dedi Sirdaryo viloyati Agroxizmatlar markazi ilmiy xodimi Doniyor Tojiboyev.

Tadbir davomida tomorqa, bog‘ qator oralari va dala chetlarida mavsumga mos ekinlarni joylashtirish imkoniyatlari ham ko‘rsatib berildi. Ishtirokchilar mutaxassislarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, ekinlarni yetishtirish va parvarishlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar olishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri