To‘qsonbosti: Erta hosil va uning agrosirlari
O‘zbekistonda bu yil 117 ming gektardan ortiq maydonga to‘qsonbosti ekinlarini ekish rejalashtirilmoqda. Erta bahorda mo‘l hosil beradigan bu usulning sirlari nimada? Ushbu savolga mutaxassis javob berdi.
To‘qsonbosti – kuzda, odatda sentabr-oktabr oylarida ekilib, bahorda hosil beradigan qishloq xo‘jaligi ekinlari. Ular qishning sovuq davrida tuproq ostida rivojlanib, erta hosil uchun zamin yaratadi. Bunday ekinlardan mo‘l hosil olish uchun agrotexnik qoidalarga qat’iy rioya etish talab etiladi. Tuproqqa ishlov berish, organik o‘g‘itlash, urug‘ sifati, sovuqqa qarshi choralar va tuproq namligini saqlash kabi omillar hosildorlikni belgilaydi. To‘qsonbosti ekinlari ekish sirlari yuzasidan O‘zbekiston Fermerlar kengashi mutaxassisi Ilhomjon Soliyev bilan suhbatlashdik.
–Ilhomjon aka, ayting-chi respublikamizda qancha maydonga to‘qsonbosti ekinlari ekildi va dehqonlarimiz avvalo bu borada nimalarga e’tibor qaratishlari kerak?
–Yil boshida 100 ming gektar maydonga to‘qsonbosti ekinlarini joylashtirishni reja qilgan edik. Avgust-sentabr oylarida respublikamiz fermer, dehqon xo‘jaliklari, tomorqa yer egalari va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 43 ming gektardan ziyod maydonda piyoz ekildi. To‘qsonbostidan oldin takroriy ekinlar ekildi. Bunda jami 875 ming gektardan ortiq maydonga takroriy ekinlar ekildi. Ushbu ekilgan mahsulotlar yig‘ib olinmoqda. Fermerlarga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida kichik muzlatkichlar, katta korxonalarga katta hajmdagi muzlatkichlarni o‘rnatib beryapmiz va amaliy yordam ko‘rsatyapmiz. Yetishtirilgan mahsulotni saqlab turib, ichki bozorga sotsak narxlar mo‘’tadilligi ta’minlanadi.
Prezidentimizning tashabbusi va bizga belgilab bergan vazifalarining ijrosi natijasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini arzonlashtirilgan yarmarkalar orqali yil davomida sotishga erishilmoqda.
–Oldingi yillarga qaraganda to‘qsonbosti ekinlarining maydoni kengaydimi?
–2025-yilda respublikamiz bo‘yicha avgust-sentabr oylarida piyoz 41 ming gektarda ekilgan bo‘lsa, hozirga kelib 43 ming gektardan oshdi. To‘qsonbosti ekinlari 100 ming gektar bo‘lgan bo‘lsa, bu yil 120 ming gektardan oshirishni mo‘ljallaganmiz. Yerlarimiz paxtadan qisqarib, ko‘proq sabzavot ekishga yo‘l ochilyapti. Ko‘proq eksportyor korxonalar bilan hamkorlikda mahsulotni xorijga sotishga erishyapmiz.
–Bizning to‘qsonbosti ekinlarimiz eksport talablariga mos keladimi?
–Qozog‘iston, Rossiya, keyin Yevropa davlatlariga eksport qilyapmiz. Masalan, Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumanida bir mahalla ko‘katchilikka ixtisoslashgan. Tomorqa, qishloq xo‘jaligi yerlarida mahsulot yig‘ib olinadi va chetga eksport qilinyapti. O‘z o‘rnida hududdagi tadbirkorlik rivojlanyapti.
–To‘qsonbosti ekinlarining ham o‘z agrotexnologiyasi bormi?
–Birinchi ekishdan oldin tuproqni avval ekilgan mahsulotlardan tozalash kerak. Keyin suv tejovchi texnologiyalardan ko‘proq foydalansak, yaxshi bo‘ladi.
Dehqonchilikning ilk qadami to‘qsonbosti usuli bilan mahsulot ekish bilan boshlanadi. Chunki, bu usulda ekilgan ekinlar qish davomida yetarli namlikni oladi, qorlarning tagida qolib, juda mustahkam bo‘ladi, erta bahorda birinchi chiqadigan mahsulot hisoblanadi. Dori ham, suv ham ko‘p talab qilmaydi.
Batafsil videoda.
Sanjar Toshpo‘latov,
Nishonboy Abduvoitov, Ulug‘bek To‘xtayev (video),
O‘zA