Toqayev KXSHTdan yordam so‘radi
Qozog‘istonda vaziyat hamon jiddiyligicha qolmoqda. Prezident Qasim-Jomart Toqayev “terrorchilik tahdidini bartaraf qilish uchun Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT)ga murojaat qilgan.
“Sputnik Kazaxstan” davlat rahbarining "KXSHT bo‘yicha sheriklarga murojaat qilish maqsadga muvofiq va hozir buning ayni vaqti", — degan so‘zlarini keltiragan.
Mamlakatda kechayotgan voqealarni Toqayev tashqi kuchlar xuruji, dedi. Bu yerda gap davlat yaxlitligiga, fuqarolar hayotiga tahdid haqida bormoqda. Uning ta’kidlashicha, terrorchilar qurol saqlanayotgan binolarni egallab olmoqda, harbiy o‘quv yurti kursantlariga hujum uyushtirmoqda, hozir Almati shahri chetida terrorchi to‘dalar bilan harbiylar o‘rtasida jang ketyapti.
"Terrorchi to‘dalar xalqaro tus olgan, ular chet elda jiddiy tayyorlangan. Ularning Qozog‘istonga uyushtirgan hujumi bosqinchilik, deb qabul qilinadi", — dedi Toqayev. Bayonotni "Xabar 24" davlat telekanali namoyish qilib bordi.
Prezident fuqarolarga murojaatida qozog‘istonliklarning hayotiy zarur manfaatini himoya qilish uchun barcha imkoniyat ishga solinishini ta’kidladi.
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston a’zo hisoblanadi.
Murojaatdan keyin Kreml Kollektiv xavfsizlik shartnomasi kengashi raisi —Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning Qozog‘istonga tinchlikparvar kuchlarini jo‘natish bo‘yicha bayonotini e’lon qildi.
"Qozog‘iston prezidenti Toqayevning Qozog‘iston suvereniteti va milliy xavfsizligiga xavf solinayotgani, jumladan, chetdan aralashuv bo‘layotgani haqidagi murojaatidan kelib chiqib, KXSHT Kengashi kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi Shartnomaning 4-bandiga tayangan holda, KXSHT tinchlikparvar kuchlarini Qozog‘iston Respublikasiga mamlakatda vaziyat barqarorlashib va izga tushib ketguniga qadar cheklangan muddat bilan jo‘natishga qaror qildi", — deyiladi Kreml saytida e’lon qilingan Pashinyanning bayonotida.
Qozog‘istonda terrorchilikka qarshi harbiy amaliyot boshlangandan keyin hamda internetda uzilish kuzatilayotgani sabab barcha moliya tashkilotlari faoliyatini to‘xtatdi, deb xabar berdi "Xabar 24" davlat telekanali Milliy bank matbuot kotibi Oljas Ramazanov bergan ma’lumotga tayanib. Oljas Ramazanov, shuningdek, mazkur choralar moliya tashkilotlari xodimlari va mijozlari sog‘lig‘i va hayotini himoya qilishga qaratilganini ham ta’kidlagan.
“Sputnik Kazaxstan”ning politsiya departamenti rahbari bergan ma’lumotga tayanib yozishicha, Qozog‘iston poytaxtida barcha ma’muriy binolar qattiq qo‘riqlanmoqda.
Ertalab, soat 7 da komendantlik soati tomom bo‘lgach, Nur-Sulton shahri yana kundalik tartibga qaytgan. Ko‘chalarda yo‘nalishli avtobuslar paydo bo‘lgan, odamlar ishga ketmoqda.
Poytaxtda hukumat uyi binosi qattiq qo‘riqlanyapti, shahar aeroporti qarshisida harbiy texnika, qurollangan politsiyachilar turibdi.
Qozog‘istonda yuz bergan voqealar jahon uran savdosiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Shu sohaga ixtisoslashgan “UxC” firmasi hisob-kitobi bo‘yicha, uran narxi chorshanba kuni 8 foiz oshgan. Shuningdek, uran ishlab chiqaruvchi yirik korxona hisoblangan “Kazatomsanoat” kompaniyasi aksiyasi narxi London birjasida 11 foiz tushib ketgan.
Darvoqe, dunyo bo‘yicha ishlab chiqariladigan uranning 40 foizdan ortig‘i Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri keladi. Uran 2021 yil sentyabrda qariyb 25 foiz qimmatlashgan edi.
Saidmurod Rahimov, O‘zA