Topshiriqlar ijrosi o‘rganildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan To‘rtko‘l, Beruniy, Ellikqal’a tumanlarida qurilishga oid davlat dasturlari, byudjet xarajatlarini optimallashtirish va boshqa dolzarb topshiriqlar ijrosi yuzasidan o‘rganishlar olib borilmoqda.
Xususan, To‘rtko‘l tumanidagi o‘rganishlarda “Ullibog‘” mahallasi hududidagi 2021 yil yakunida yangidan qurilib, foydalanishga topshirilgan 5-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining qurilishidagi sifatsiz ishlar va kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha mas’ullarga muddati belgilangan holda, qat’iy topshiriq berildi. Ushbu topshiriq asosida binolarning fasad qismi, isitish tizimi va boshqa ob’ektlaridagi sifatsiz amalga oshirilgan ishlar va kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha ishlar jadal boshlab yuborildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining .2023 yil 2 fevraldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish va mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, sharoiti og‘ir oilalarning uy-joy tom qismini ta’mirlash (yopish) jarayonlari o‘rganilib, bu boradagi kamchilikni bartaraf qilish va o‘z vaqtida yakuniga yetkazish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.