Toponimik nomlar davlat ro‘yxatiga kiritilmoqda
Albatta, har bir insonning ismi, go‘zal va ma’noli bo‘lgani kabi joylarning, mahallalarning, ko‘cha va xiyobonlarning atalishi ham tarixiy, milliy, chiroyli va mazmunli bo‘lishi muhim ahamiyatga ega.
Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi faoliyatining aholi, tadbirkorlar uchun zarur yo‘nalishlaridan biri bu toponimik nomlanishdir. U lotincha “topos” – joy, “onoma” – ism, nom so‘zlaridan olingan bo‘lib, jug‘rofiy nomlarning paydo bo‘lishi, rivojlanishi, o‘zgarishi, to‘g‘ri yozilishini o‘rganadi. Mazkur yo‘nalishda Namangan viloyatida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-yanvardagi “Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, mahalliy hokimlarning ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchilari bilan Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi toponimika xizmati o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik natijasida geografik obyektlar nomlari davlat reestrida jamlangan 36 279 nomning 10 975 tasi davlat reestriga kiritildi.
– Hozirga qadar viloyatdagi geografik obyektlarga nom berish va ularni qayta nomlash to‘g‘risidagi takliflarni davlat ekspertizasidan o‘tkazish bo‘yicha 11 067 ta nom Kadastr agentligining ekspert komissiyasiga taqdim etildi. Shundan 9917 geografik obyekt nomiga ijobiy xulosa berildi. 1150 nom qayta ko‘rib chiqish uchun hududiy komissiyalarga qaytarildi, – deydi Davlat kadastrlari palatasi Namangan viloyati boshqarmasi mas’ul xodimi Jasurbek Yusufjonov. – Bundan tashqari, Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlarining tegishli qarorlari bilan tasdiqlangan 7011 nom o‘rganib chiqildi. Qonunchilikka mos bo‘lgan 9779 nom belgilangan tartibda Geografik obyektlar nomlarining davlat reestri bazasiga kiritildi.
Ayni paytda davlat reestriga kiritilmagan 7833 ko‘cha nomining 3858 tasi Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarning tegishli qarori bilan tasdiqlash jarayonida, 1975 tasi bo‘yicha nom berish, ekspertizadan o‘tkazish uchun tegishli hujjatlar to‘planmoqda. Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari tomonidan mazkur yo‘nalishdagi ishlar jadal davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA muxbiri