Tomorqasidan xazina topgan xonadon (+video)
Tomorqa – ish bilganga bitmas-tuganmas xazinadir. Toshkent viloyatining Piskent tumani dehqonchilik uchun qulay hudud hisoblanadi. Har bir mahalla biror-bir mahsulotga ixtisoslashgan. “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili bu yerda allaqachon yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, 500 dan ortiq xonadoni bo‘lgan “Mingtepa” mahallasining qishloq xo‘jaligidagi drayver sohasi uzumchilikdir. Tomorqa egalarining tasarrufida 144 gektar unumdor yer maydoni mavjud va bu imkoniyatdan ular to‘laqonli foydalanib kelmoqda. Shu bois bu yerlar ishsizlikdan holi hudud hisoblanadi.
Shu mahallaning fayzli xonadoni sohibi Umarjon Arslanov 75 yoshda. Ota yoshligidan uzumchilik hadisini bobolaridan o‘rgangan, keyinchalik soha sirlarini o‘z farzandlari va mahalla-ko‘yga ulashgan. Otaxon o‘zining yillar davomida to‘plagan tajribasidan kelib chiqib, garchi seleksioner olim bo‘lmasada yangi nav yaratdi. Ikki farzandi 25 sotox yerda mehnat qilib, ushbu navlarni ko‘paytirishdi va mana shu fayzli xonadonni ko‘tarishdi, oilaning byudjetini to‘ldirib kelishmoqda.
E’tiborli tomoni xonadon sohiblari o‘z tomorqasidan 5 marta hosil oladilar. Masalan, erta bahorda ismaloq va gulkaram, keyin uzum barglari, so‘ngra uzumning mevalari, kech kuzda uzum ko‘chati va gulkaram. Bularning barchasi mahalladan tadbirkorlar tomonidan sotib olinadi. Uzum barglari har 50 donasi 5 ming so‘mdan 15 ming so‘mgacha yig‘iladi, so‘ngra Qozog‘iston, Rossiya va xattoki Turkiya davlatigayam eksport qilinar ekan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/0YdiNyGvH6A" title="Tomorqasidan xazina topgan xonadon" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ana shunday to‘kis xonadonlar safini ko‘paytirish maqsadida Toshkent viloyati fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan xonadonlarning imkoniyatlari o‘rganib chiqilib, kambag‘allikni kamaytirish choralari ko‘rilmoqda. Masalan, “Lola ariq” mahallasida 15ta xonadon o‘rganilganda 2tasi kam ta’minlangan oila ekanligi aniqlandi. Ulardan biri Rasul Sahiyevlar xonadoni. Fermerlar kengashi tomonidan ularning tomorqa yerlari haydalib, to‘qsonbosti ekinlaridan kashnich urug‘i sepib berildi.
Xalqimizda “mehnatdan kelsa boylik, turmush bo‘lar chiroylik” deb bejizga aytilmagan. Bugun tomorqasida mehnat qilib, sharaflanayotgan, ro‘zg‘orining to‘kisligini ta’minlayotgan oilalar soni oshmoqda. To‘ylar qilib, imoratlar qurayotganlari ham ko‘payapti. Chunki, tomorqada peshona teri tufayli barakali daromad hosil bo‘ladi va u albatta bitmas-tuganmas xazinadir.
Sanjar Toshpo‘latov, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA