To‘lov tashkilotlarining axborot xavfsizligi sohasidagi mas’uliyati oshirilmoqda
Raqamli iqtisodiyot, elektron tijorat va masofaviy moliyaviy xizmatlar jadal rivojlanayotgan bugungi davrda fuqarolarning bank hisobvaraqlari, elektron hamyonlari va boshqa raqamli aktivlarini ishonchli himoya qilish dolzarb. Buning uchun huquqiy mexanizmlarni yanada mustahkamlash zarur. Parlament quyi palatasi majlisida ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rilgan kiberxavfsizlikni ta’minlash hamda raqamli muhitda sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ayni shu maqsadda ishlab chiqilgan.
Loyihaga ko‘ra, Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda boshqa qonun hujjatlariga kiberjinoyatlarga qarshi kurashishni kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi.
Qayd etilganidek, “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartishlarga muvofiq, kiberxavfsizlik talablariga rioya etilmagani yoki shubhali (frod) operatsiyalarning oldini olish choralari ko‘rilmagani oqibatida fuqarolarga moddiy zarar yetkazilsa, mazkur zararni banklar, to‘lov tizimi operatorlari yoki to‘lov tashkilotlari tomonidan qoplash tartibi belgilanmoqda. Bu moliyaviy xizmatlar bozori ishtirokchilarining axborot xavfsizligi sohasidagi mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan yangi normalar bilan masofadan davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimidagi shaxsiy akkauntlarni yoki abonent qurilmasining identifikatsiya modullarini g‘arazli maqsadlarda boshqa shaxslarga berish, shuningdek, o‘zga shaxsning akkaunti yoki abonent raqamidan noqonuniy foydalanish uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishlar esa raqamli dalillar bilan ishlashning huquqiy asoslarini takomillashtiradi. Unga ko‘ra, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsiga axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan jinoyatlar doirasida ish uchun ahamiyatli bo‘lgan elektron ma’lumotlar, hujjatlar va boshqa ashyoviy dalillar qayerda ekani aniq bo‘lgan hollarda ularni belgilangan tartibda olib qo‘yish imkoniyati berilmoqda.
Muhim yangilik — bank hisobvaraqlari, elektron hamyonlar va kripto-aktivlar bo‘yicha operatsiyalarni vaqtincha to‘xtatib turish protsessual majburlov chorasi sifatida joriy etilmoqda. Bu noqonuniy o‘zlashtirilgan mablag‘larni boshqa shaxslarga o‘tkazib yuborilishining oldini olishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasidagi normalar kiberjinoyatlarning oldini olish, fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari va mol-mulkini ishonchli himoya qilish, to‘lov infratuzilmasining barqarorligini ta’minlash hamda raqamli makonda huquqiy xavfsizlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Қонун loyihasi qabul qilinib, Senatga yuborildi.
M.Komilova,
O‘zA