To‘liq ishlab chiqarish zanjiriga ega zamonaviy korxona
Ilm bor joyda taraqqiyot, mehnat bor joyda esa muvaffaqiyat bo‘ladi. Zamonaviy texnologiya ishlab chiqarishga tezlik va samaradorlik baxsh etsa, malakali mutaxassis mahsulot sifatiga kafolat beradi. Davlatning qo‘llab-quvvatlashi esa tadbirkorning g‘oyasini yirik loyihaga, mehnatini esa yuksak natijaga aylantiradi. Buning yorqin misolini Qo‘qon shahrida faoliyat yuritayotgan tadbirkor Ibrohim Inomjonov rahbarligidagi “Avilon Kokand” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyatida ko‘rish mumkin.
2010-yilda ish boshlagan korxona bugun to‘liq ishlab chiqarish zanjiriga ega zamonaviy sanoat majmuasiga aylangan. Bu yerda kalava ipdan tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi. Mahsulot sifatiga alohida e’tibor qaratilishi natijasida korxona ishlab chiqarish hajmini kengaytirib, Uchko‘prik tumanidagi “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida zamonaviy tikuvchilik sexini ham tashkil etgan.
[gallery-30683]
Ayni paytda “Avilon Kokand”da ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar Rossiya, Gretsiya, Qirg‘iziston va Qozog‘iston bozorlariga eksport qilinmoqda.
– Davlat tomonidan eksport faoliyatini kengaytirish, xorij bozorlariga chiqish uchun zarur bo‘lgan muvofiqlik sertifikatlarini olishda yaqindan amaliy ko‘mak berilmoqda, - deydi korxona rahbari Ibrohim Inomjonov. – Bu esa faoliyatimizni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
E’tiborlisi, korxonada ishlab chiqarilayotgan har bir trikotaj mahsuloti ortida yuzlab insonlarning mehnati, mas’uliyati va izlanishi mujassam. Eng muhimi, bu mehnat nafaqat korxona taraqqiyoti, balki hudud sanoati va iqtisodiyotining barqaror rivojiga ham xizmat qilmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/FOc92bZa9yQ" title="To‘liq ishlab chiqarish zanjiriga ega zamonaviy korxona" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Muqimjon QODIROV (surat va video), O‘zA