To‘lanmagan qarz evaziga ikkita «MAN» yuk mashinasi auksionga chiqarildi
Biznesni rivojlantirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashda bank kreditlari muhim vosita hisoblanadi. Olingan mablag‘lardan to‘g‘ri foydalanib, majburiyatlarni vaqtida bajarish — har bir tadbirkorning bosh vazifasi.
Aks holda, yirik moliyaviy loyihalar jiddiy huquqiy muammolar va mulkdan ayrilish bilan yakunlanishi hech gap emas. Andijonlik tadbirkor bilan bog‘liq vaziyat bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Andijon tumanlararo iqtisodiy sudining 2026-yil 12-maydagi ijro varaqasiga asosan, qarzdor “Asr umidi” MCHJdan “Biznesni rivojlantirish banki” ATB foydasiga juda yirik miqdorda — jami 7 milliard so‘mlik kredit qarzdorligini undirish belgilangan edi.
Mazkur sud qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Majburiy ijro byurosi (MIB) Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan tezkor ijro harakatlari olib borildi. Jarayon davomida kredit ta’minoti sifatida garovga qo‘yilgan 2 ta yuqori quvvatli “MAN” avtotransport vositalari aniqlanib, ro‘yxatga olindi va xatlandi.
Qarzdorlikni bartaraf etish uchun tadbirkorga ixtiyoriy muddat berilgan bo‘lsa-da, belgilangan vaqt ichida kredit qarzi to‘lanmadi. Shu sababli, MIB xodimlari tomonidan xatlangan yuk mashinalarini elektron auksion savdolariga chiqarish choralari ko‘rilmoqda.
Mutaxassislar tomonidan har bir “MAN” avtotransport vositasining boshlang‘ich sotuv narxi 800 million so‘mdan, jami 1,6 milliard so‘mgacha baholandi.
Tez orada ushbu texnikalar elektron savdo platformasi orqali sotuvga qo‘yiladi va undan tushgan mablag‘lar bank fondidagi qarzdorlikni yopishga yo‘naltiriladi.
Hamroz Bayonov, O‘zA