Tokio yo‘llanmalari soni 101 taga yetdi
Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida “Xalqaro olimpiya kuni” va “Tokioga 30 kun” mavzulariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov 127 yil muqaddam Olimpiya o‘yinlarini o‘tkazish g‘oyasi vujudga kelganligi, uning asrlar osha do‘stlik va birdamlik ruhini saqlab, insoniyat taraqqiyotida muhim omil bo‘lib qolayotganligini ta’kidladi.
Matbuot anjumanida mutasaddilar bugungi kungacha O‘zbekiston sportchilari yozgi olimpiya o‘yinlariga 72 ta, paralimpiya musobaqalariga esa 29 ta, ya’ni jami 101 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritganligini e’lon qilishdi. Lekin bu hali hammasi emasligini, oldinda bir qator litsenzion musobaqalar mavjudligini aytib o‘tishdi.
Shu o‘rinda aytish lozimki, mamlakatimiz sportchilari Atlanta, Sidney, Afina, Pekin, London, Reo-de-Janeyro shaharlarida o‘tgan yozgi olimpiya va paralimpiya o‘yinlarida shu kungacha bu qadar salmoqli yo‘llanmalar soniga ega bo‘lmagan edi. Ayni holat qaysidir ma’noda O‘zbekiston olimpiyachilarining rekord ko‘rsatkichi, deyish ham mumkin. Ammo natijalarning sonda emas, sifatda yorqinroq ko‘rinish olishini nazarda tutsak, Kunchiqar yurtdagi olimpiya bahslarida qo‘lga kiritilajak yutuqlar barchasiga oydinlik kiritadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA