To‘g‘ridan -to‘g‘ri munosabatlar samarasi (+video)
Avval xabar berganimizdek, Farg‘onada birinchi tinchlik forumi bo‘lib o‘tmoqda. Uning ishida o‘ttizdan ziyod davlat, xalqaro tashkilotlarning 300 dan ortiq vakillari, siyosatchi, diplomat, olimlar ishtirok etyapti.
Unda mintaqada tinchlikni mustahkamlash, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, yaqin kelajak yillar harakat xaritasi yuzasidan kelishuvlar tuzish imkoni yaratildi.

Farg‘ona vodiyning har jihatdan rivojlangan, aholisi eng ko‘p viloyatidir. Shuning uchun ham Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov So‘g‘d viloyati raisi Rajab Ahmadzoda, Qirg‘iz Respublikasi Prezidentining Botken viloyati bo‘yicha vakili Aybek Shamenov, Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibining o‘rinbosari Suxel Xan hamda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Eduard Stipraysni qabul qildi. Bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida tomonlar iqtisod, savdo va ma’naviyat sohasidagi hamkorlikning bosib o‘tilgan yo‘lini tahlil qildilar va kelgusi rejalar yuzasidan fikr almashdilar. Eduard Striprays Yevropa Ittifoqi Farg‘ona viloyatida ta’lim va kasbiy ta’lim sohasiga investitsiya kiritish ustuvor masala ekanini, bu aholi soni uzluksiz ortib borayotgani uchun ham ahamiyat kasb etishini ta’kidladi hamda hamkorlikni taklif qildi.


– Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan Farg‘ona viloyati o‘rtasidagi tovar aylanmasi yildan-yilga o‘sib borayapti, –dedi Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov. – Bu davlatimiz rahbarining ochiqlik siyosati tufaylidir. Ilgarilari dunyoning yirik siyosiy tuzilmasining yuqori martabali vakili bilan viloyat hokimi to‘g‘ridan - to‘g‘ri muzokara olib borishini tasavvur ham qilib bo‘lmas edi. Ko‘rib turganingizdek, bu amalga oshdi. Demak, hali hamkorlik istiqbollarining yo‘li uzun.
Farg‘ona birinchi tinchlik forumi ishi davom etmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/fCUwWvANQCA" title="To‘g‘ridan -to‘g‘ri munosabatlar samarasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(video),
Muqimjon Qodirov(surat), O‘zA