Tog‘li Qorabog‘da hayot qaynaydi
Ozarbayjon Respublikasi hukumati taklifiga binoan, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar ommaviy axborot vositalarining bir guruh vakillari 28 avgust – 3 sentyabr kunlari ushbu mamlakatda xizmat safarida bo‘ldi. O‘zA muxbirining maqolasida ushbu safar taassurotlari haqida hikoya qilinadi.
2020 yil kuzida Ozarbayjon qurolli kuchlarining Tog‘li Qorabog‘da hududlarni ozod qilish yo‘lida olib borgan jangovar harakatlari urush boshlangandan oradan 44 kun o‘tib, Rossiya vositachiligida Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi kelishuv imzolangandan so‘ng yakuniga yetdi. Qariyb 30 yildan buyon sovuq sukunat ichida qolib kelayotgan Tog‘li Qorabog‘, Jabroil, Gadrut, Fuzuliy, Zangelan, Kubatli tumanlari va qator qishloqlar ozod qilindi.
Ushbu voqealarga ham qariyb bir yil bo‘lyapti. Ammo urush jarohatlarining bitishi qiyin. Buning uchun ko‘p yillar kerak bo‘ladi. Ozod qilingan hududlar chorak asr davomida qay ahvolga keltirilgani, urushning vayronkor izlari, achchiq taqdirlar, barbod bo‘lgan orzular, qadrdon uylarini tashlab ketgan insonlar hayoti, ularning o‘z vatanlariga qaytishdek azobli sog‘inchlari... Bu dahshatlarni hamma ko‘rishi, bilishi, o‘zlari uchun tegishli saboq chiqarishi kerak.
Ozarbayjon hukumati tomonidan Turkiy kengashga a’zo mamlakatlar jurnalistlari uchun uyushtirilgan press-turdan ko‘zlangan maqsad ham shu – Tog‘li Qorabog‘dagi urush dahshatlaridan dunyo ahlini xabardor qilish, jurnalistlarga ushbu muhoraba haqidagi haqiqatlarni yetkazish.
Ozarbayjon tashabbusi bilan shu kungacha ko‘plab mamlakatlardan mingdan ortiq jurnalistlar uchun press-turlar tashkil qilingan ekan. Bu gal Turkiy kengashga a’zo O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkiya, Qirg‘iziston, Ozarbayjon hamda kuzatuvchi maqomidagi Vengriya ommaviy axborot vositalari xodimlari taklif qilindi. Keyinroq Bolqon mamlakatlaridan ham jurnalistlar kelib qo‘shildi.
Press-turning birinchi kuni madaniy tadbirlarga bag‘ishlandi. Boku shahrining diqqatga sazovor joylarini tomosha qildik. Jumladan, Ozarbayjon gilamchilik va nafis san’at muzeylarida madaniy osori atiqalar bilan tanishdik. Ozarbayjon nafis san’at muzeyida ozar xalqining o‘tmishi va zamonaviy san’atiga oid nodir ashyolar: tasviriy san’at, kulolchilik, hunarmandchilik, temirchilik, haykaltaroshlik va qo‘l mehnatiga doir boshqa asarlar saqlanar ekan. Muzeydan Fransiya, Ispaniya, Italiya, Niderlandiya, Rossiya va boshqa davlatlar ijod ahli yaratgan san’at namunalari ham o‘rin olgan.
Shu kuni Xalqaro aloqalar tahliliy markazida Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining yordamchisi – tashqi siyosat bo‘limi boshlig‘i Hikmat Hojiyev bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda turkiy tilli davlatlar o‘rtasidagi aloqalar, jumladan, ommaviy axborot vositalarining o‘zaro hamkorligini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Hikmat Hojiyev jurnalistlarga press-turdan ko‘zlangan maqsad haqida so‘zlab berdi va jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
Press-turning ikkinchi kuni Ozarbayjon qurolli kuchlarining Armaniston bosib olgan yerlarni ozod qilish uchun jang olib borgan hududlarni borib ko‘rdik. Jurnalistlar o‘tirgan beshta avtobusda Jabroil shahriga eltuvchi past-baland yo‘llardan ketib borarkanmiz, har qadamda urushning dahshatli izlariga ko‘zimiz tushadi. Jabroil shahrida janglar qattiq kechgani har qadamda ko‘rinib turibdi.
Vayron bo‘lgan uylar, qurib qolgan uzumzorlar, inson qo‘li bilan ekilgan va uzoq vaqt parvarish ko‘rmagan mevali bog‘lar, qarovsiz qabristonlar urush dahshatidan so‘zlaydi. Ha, bu yerlarda bir vaqtlar hayot qaynagan. Hozir esa, yo‘l yoqalarida yonib ketgan tanklar, snaryad parchalari, ular hosil qilgan chuqurlar urush odamzotga mislsiz kulfat keltirishini eslatib turibdi. Yo‘l yoqalarida “ehtiyot bo‘ling, mina bor” degan yozuvlarga ko‘zingiz tushadi. Ularni zararsizlantirish uchun maxsus guruhlar kechayu kunduz ish olib bormoqda. Bularni kuzatib, tinchlik odamzot uchun qanchalar buyuk ne’mat ekaniga ishonch hosil qilasiz va uni asrab-avaylash har birimizning burchimiz ekanini anglaysiz.
Kunning ikkinchi yarmida Tog‘li Qorabog‘ yuragi bo‘lmish Shusha shahriga qarab yo‘l oldik. Shusha mazkur mintaqaning eng baland nuqtasida joylashgan bo‘lib, Ozarbayjonning qadimiy madaniy poytaxti hisoblanadi. Jumladan, Ozarbayjon maqom san’atining kelib chiqishi shu yer bilan bog‘liq. Bu zaminda buyuk san’atkorlar, shoirlar, olimlar va davlat arboblari yetishib chiqqan.
Shusha dengiz sathidan 1368 metr balandlikda joylashgani uchun harbiy strategik shahar hisoblanar ekan. Afsuski, urushning dahshatli manzaralari bu yerda ham har qadamda ko‘zga tashlanadi. Ko‘p qavatli uylar, maktab va masjidlar kimsasiz huvillab yotibdi. Faqat askarlar, muhandis, quruvchilar bu yerda hayot qayta izga tushayotganidan darak beradi. Ular shaharni qayta tiklamoqda, ko‘chalarga hayot qaytmoqda.
Press-tur ishtirokchilari shahardagi shoir va davlat arbobi Vaqif maqbarasini ziyorat qildik. Urush davrida vayronaga aylangan maqbara binosi shahar ozod etilgandan so‘ng qayta ta’mirlanib, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev tomonidan ochilgan ekan.
Ozarbayjonning nufuzi jihatidan ikkinchi yirik shahri hisoblangan Ganja shahriga oqshom chog‘i yetib keldik. Bu shaharda ozar xalqining buyuk mutafakkiri, insoniyatga, adabiyot olamiga “Xamsa”dek bebaho asar tuhfa etgan Nizomiy Ganjaviy yashab o‘tgan. Shaharning tor ko‘chalari, shoir yashab o‘tgan davrlarga mansub tarixiy qiyofasi hali ham uning boy o‘tmishidan so‘zlaydi. Shu bilan birga, baland qavatli turar joylar, ma’muriy binolar, ravon yo‘llar, so‘lim bog‘-rog‘lar, xiyobonlar, savdo do‘konlari ushbu shahar davr bilan hamohang yashayotganidan darak beradi.
Ganja shahri chegaradan ancha uzoqda, 250-300 kilometr ichkarida joylashgan. Bu yerda urush bo‘lmagan. Shunga qaramay, hayot bir maromda kechayotgan ushbu tinch-osuda shahar ahli ham urush talafotlaridan bebahra qolmagan. Tog‘li Qorabog‘ mojarosida Ganja shahriga sakkizta raketa uchirilgan ekan. Biz, jurnalistlar ushbu raketalardan biri kelib tushgan joyni borib ko‘rdik. Qanotli ajal istirohat bog‘laridan biri chekkasiga, odamlar yashayotgan uylar ustiga tushgan. Portlash zarbidan yaqin atrofda birorta uy omon qolmagan, 30 ga yaqin kishi qurbon bo‘lgan. Ularning suratlari maxsus taxtachaga osib qo‘yilgan. Butun boshli oilalar bir kechada qurbon bo‘lgan... Mudhish kulfat shahar ahlini gangitib tashlagani shunday namoyon bo‘ladi.
Ozarbayjon – Armaniston o‘rtasida kechgan birinchi urushda ozarbayjonliklar Tog‘li Qorabog‘dan tashqari yana bir nechta tumanni ham tark etishga majbur bo‘lgan ekan. Ulardan biri – Ag‘dam shahri.
1990-yillarda Ag‘dam 30 ming aholi yashaydigan shahar bo‘lgan. 1993 yilgi qaqshatqich janglardan so‘ng u armanlar nazoratiga o‘tgan. 2020 yilgi janglarda Ozarbayjon ushbu shaharni yana qaytarib olgan.
Rivoyatlarga ko‘ra, Ag‘dam shahri xoni yashagan uyning tomi uzoqdan oppoq bo‘lib ko‘ringani bois, unga Ag‘dam, ya’ni Oq tom deb nom berilgan ekan. Urush tufayli aholi shaharni yoppasiga tark etishga majbur bo‘lgan. Shahar Kavkazning Xirosimasi, deb ham atalarkan. Chunki bu yerda birorta ham omon qolgan imorat yo‘q. Vayronalar endi chakalakzorga aylangan. Anor va anjirzorlar tarvaqaylab, yovvoyi holga kelib qolgan.
Shahar chekkasidagi tekisliklarda qurilgan harbiy istehkomlar, tikanli simlar, xandaqlar, yerto‘lalar, zirhli texnikalarni to‘xtatib qolishga mo‘ljallangan beton to‘siqlar bir paytlar bu yerlarda urush bo‘lganidan guvohlik beradi. Ozarbayjon hukumati vayronaga aylangan hududlarni qayta tiklash, urush tufayli bu yerlarni tashlab ketishga majbur bo‘lgan aholini qaytarish uchun bunyodkorlik ishlarini olib bormoqda. Qudratli texnikalar tepaliklarni kesib, yangi asfalt yo‘l yotqizmoqda, elektr uzatish liniyalari tiklanmoqda.
– Hademay, bu yerlarda infratuzilma qayta tiklanadi, uylar, maktablar, shifoxonalar, madaniyat muaassasalari qad rostlaydi. Buning uchun moliyaviy resurslar yetarli, eng muhimi xalqimizning irodasi mustahkam. Qolaversa, qiyin damlarda qardosh va do‘st mamlakatlar xalqimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab turgani bizga kuch bag‘ishlaydi, – deydi ozarbayjonlik hamkasblarimiz.
Ha, ozarbayjon xalqi astoydil istaganidek, hademay Tog‘li Qorabog‘da hayot qaynaydi. U o‘zining qadimiy shuhratiga mos so‘lim va bahavo, odamlar bir ko‘rishni orzu qiladigan maskanga aylanadi. Biz, jurnalistlar ana shunday taassurotlar bilan safarimizni yakunladik.
...Bokudan Toshkentga reys bo‘lmagani uchun Istanbul orqali uchdik. Istanbul aeroporti dunyodagi eng yirik havo bandargohlaridan hisoblanadi. Aeroportning u chekkasidan bu chekkasigacha yayov borish uchun anchagina vaqt sarflashga to‘g‘ri keladi. Bu yerda turli mamlakatlardan kelgan yo‘lovchilar o‘z manzili tomon shoshadi. Ular turfa tillarda so‘zlashadi, bir-birlariga eson-omonlik tilaydi. Bunday muloqot faqat tinch mamlakatlarda kuzatiladi. Bu manzaraga qarab turib, hazrat Alisher Navoiyning quyidagi bayti xayolga keladi:
Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanlig‘,
Yor o‘lung bir-biringizgakim, erur yorlig‘ ish.
Saidmurod RAHIMOV,
O‘zA maxsus muxbiri
Boku – Toshkent.